Fargʼonadagi janjal pichoqvozlikka aylanib ketdi. Jinoyatda gumonlangan 6 nafar shaxs qamoqqa olindi
Haqiqiy er yigitlarga taʼrif berilganda, “Bilagida kuchi bor”-deyiladi. “Choʼntagida pichogʼi bor”-deyilmaydi.
Joriy yilning 10 mart kuni soat taxminan 14:30 da, 24 yoshli fuqaro I.O. bir guruh tanishlari bilan birga Fargʼona shahar S.Аhmad koʼchasida fuqaro T.U. bilan oʼrtalaridagi oʼzaro kelishmovchilik sabab gap talashib janjallashib ketishgan.
Janjal shunchaki mushtlashuv bilan yakun topmadi. T.U. va I.O.lar oʼzlari bilan olib kelgan pichoqlarni ham ishga solishib bir-birlarini tanalarining turli sohalariga bir necha marotaba urib tan jarohati yetkazishgan.
I.O.ning jinoiy sheriklari ham janjalda faol ishtirok etishib, qoʼllaridagi tosh va temir jismlar bilan fuqaro T.U.ning bosh va tanasining turli qismlariga urib, ogʼir tan jarohati yetkazishib, hodisa joyidan yashirinishgan.
Tergov-tezkor guruhi tomonidan hodisa joyidan voqeaga aloqador tosh boʼlaklari, oshxona pichogʼi va qon namunalari hamda shu atrofdagi savdo doʼkoniga oʼrnatilgan videokuzatuv moslamasiga qayd qilingan tasvirlar ashyoviy dalil tariqasida olingan.
Mazkur holat yuzasidan Fargʼona shahar IIO FMB huzuridagi tergov boʼlimi tomonidan I.O va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “e,k” bandlari bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilib, jinoyatni sodir etgan shaxslarning 6 nafariga nisbatan “Qamoqqa olish” ehtiyot chorasi qoʼllanildi.
Аlbatta, jinoyat jazosiz qolmaydi. Inson sogʼligi, hayotiga tajovuz qilishning huquqiy oqibatlaridan aybdorlar xulosa chiqaradilar.
Hurmatli fuqarolar! Bir-birimizga shafqatsiz munosabatda boʼlmaylik. Oʼtkir tigʼli jism bilan qilingan birgina qaltis harakat ham inson va uning yaqinlariga ogʼir musibat keltiradi.
Ogoh boʼling!
Fargʼona viloyati IIB Аxborot xizmati