Fargʼonada yana 4 ta shahar-tuman markazlaridagi “Toʼxtash taqiqlanadi” yoʼl belgilari taʼsir doirasi hududiga statsionar maxsus kameralar oʼrnatiladi
Qoʼqon shahridagi “Yangi bozor” savdo majmuasi joylashgan Farobiy koʼchasida tirbandliklarning oldini olish maqsadida “Toʼxtash taqiqlanadi” yoʼl belgisi taʼsir doirasida qoldirilgan avtomobillarni qayd qilib boruvchi 4 ta aylanma maxsus statsionar kameralar oʼrnatilganligidan xabaringiz bor.
Rasman 10 mart sanasidan ish boshlagan statsionar maxsus kameralar tufayli bugun ushbu hududda tartib oʼrnatildi.
Hozirda Fargʼona viloyatining Fargʼona va Margʼilon shaharlari hamda Dangʼara va Oltiariq tumanlari markazidagi “Toʼxtash taqiqlanadi” yoʼl belgisi taʼsir doirasiga ham mana shunday maxsus kameralar oʼrnatish ishlariga kirishildi.
Eslatib oʼtamiz! Ushbu aqlli qurilmalar avtomobilь toʼxtagan vaqtni belgilab oladi va 1 daqiqadan soʼng oʼsha joyga qaytib, vaqt va fotosuratlarni taqqoslaydi. Kamera inson omilisiz, avtomatik tarzda ishlab, avtomobilning raqamini aniqlab, qoidabuzarlik boʼyicha qaror qabul qiladi.
Oʼzbekiston pochtasiga joʼnatilgan xabar asosida haydovchining uyiga maʼmuriy huquqbuzarlik haqidagi qaror yuboriladi.
Unutmang! Hurmatli haydovchi!
Bu kabi qatʼiy chora-tadbirlar Sizni jarimaga tortib, pulingizni “Shilish” maqsadida emas, jamoat joylarida yoʼl-harakati xavfsiziligini taʼminlash, kelib chiqishi mumkin boʼlgan koʼngilsiz holatlarni oldini olishga qaratilgan.
Oʼzini va boshqalarni hurmat qilgan haydovchi, hamisha yoʼl qoidalariga amal qiladi.
Fargʼona viloyati IIB Аxborot xizmati