9 Dekabr 2022 yil 4576

RASMIY MUNOSABAT

Internet ijtimoiy tarmogʻidagi “Fargʻonada sanoat korxonalaridan gaz uzib qoʻyilishi natijasida 10 minglab aholi ishsiz qolmoqda, ular gaz ulab berilishini soʻrab, koʻchaga chiqishmoqda” sarlavhali videoxabar Fargʻona viloyati IIB tomonidan oʻrganib chiqildi.

Ushbu videomurojaatda Oʻzbekiston tumani, Shoʻrsuv MFYdagi "Shoʻrsuv" sanoat zonasida joylashgan “ALBUS” gips ishlab chiqaruvchi zavod tabiiy gazdan uzilganligi sababli, zavodda ishlovchi ishchilar video murojaat orqali oʻz e’tirozlarini bildirishgan.

Respublika boʻylab havo haroratining pasayishi va energiya taqchilligi ob’yektiv holati kelib chiqqanligi munosabati bilan sanoat korxonalariga gaz yetkazib berish qat’iy cheklangan.
Ushbu choralar qatorida «Shoʻrsuv» shaharchasidagi «Albus Cement Group» zavodidan tashqari, mazkur hududdagi «Turon Eko Sement», «Turon PFK», «Shaffofsement sanoat», «Qurulish ashyo Sifat» MCHJlarga qarashli ishlab chiqarish korxonalariga ham Vazirlar Mahkamasining tegishli bayonnomasiga asosan 2022-yil 27-noyabr kuni tabiiy gaz tarmogʻidan muhrlash yoʻli orqali uzilgan. Gazni uzish yuzasidan asoslar mazkur zavod va gaz yetkazib beruvchi korxona oʻrtasida tuzilgan shartnomada ham koʻrsatilgan.
Ma’lum boʻlishicha, joriy yilning 29-noyabr kuni tuman gaz idorasi mas’ul xodimlari tomonidan “АЛБУС” zavodiga ulangan gaz tarmogʻi tekshirilganda, ushbu zavod tomonidan oʻzboshimchalik bilan qaytadan gaz tarmogʻiga noqonuniy ulab olinganligi aniqlangan va dalolatnoma tuzilib, gaz quvuridan yana bir bor kesib qoʻyilgan.
Yuzaga kelgan ob’yektiv murakkab sharoitni toʻgʻri tushungan holda «Албус Cэмэнт Гроуп» dan tashqari boshqa yuqoridagi korxonalar muqobil yoqilgʻi (koʻmir)ga oʻtishgan.
Shunday boʻlsada, gaz yetkazib berishdagi ob’yektiv holatdan zavod direktori, boshqaruvchilarning ham toʻliq xabari boʻlib turib,
6-dekabr kuni zavod ish yurituvchisi A.T. va 20 ga yaqin ishchilari zavod faoliyati toʻxtaganligidan noroziligini bildirish uchun oldindan qilingan reja va taklif qilingan uchinchi shaxslar ishtirokida namoyish tashkillashtirilgan.
Ushbu namoyishda xodimlar kelishuvga koʻra atayin ehtirosli soʻzlar, chalgʻituvchi gaplar va keskinlik yordamida, shuningdek haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan axborotlar orqali oʻz murojaatlarini yetkazishgan va videomurojaat oldindan ushbu holatni tasvirga olishga taklif qilingan insonlar ishtirokida telegram tarmogʻidagi “Olimjon Haydarov” kanalida e’lon qilingan.Yuqoridagi harakatlar fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi xatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik, shuningdek namoyishlar oʻtkazish tartibini buzganlik sifatida huquqiy kvalifikatsiya qilingan holda zavodning jami 7 nafar ishchilariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183, 201-moddalari bilan hujjatlar rasmiylashtirildi hamda sud organiga taqdim qilindi. Jinoyat ishlari boʻyicha Oʻzbekiston tuman sudi 2022-yil 7-dekabr kuni huquqbuzarlarning 1 nafariga 10 sutka, 6 nafariga 5 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlagan.
Shuningdek, tarqatilgan videoda va unga berilgan izohlarda boshqa zavodlarda gaz oʻchirilmagani, bu masalaga mansabdor shaxslarning aloqasi borligi va 10 minglab ishchilar ishsiz qolayotganligi vaj keltirib, noaniq va haqiqatga mos boʻlmagan axborot ham tarqatilgan. Jumladan, “Shoʻrsuv” hududidagi "Кнауф" korxonasining tabiiy gazi uzilmaganligi aytib oʻtilgan, lekin haqiqatda “Кнауф” korxonasi joriy yilning 29-noyabr kunidan boshlab tabiiy gaz olmayotganligini gaz korxonalari tasdiqlagan.
Bundan tashqari «Албус Cэмэнт Гроуп» tabiiy gazdan uzilishi oqibatida 10 minga yaqin ishchilar ishsiz qolishganligi yuzasidan keltirilgan vajlari asossiz boʻlib, ushbu korxonada 241 ta ishchi xodimlar ishlashi aniqlangan. Ya’ni, mazkur axborotlarni atayin asosiy murojaatga aralashtirish orqali, videotasvir auditoriyasini kengaytirish va davlat organlarini obroʻsizlantirish maqsad qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 202-2 moddasiga asosan jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolgʻon axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmogʻida tarqatish bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravaridan yuz baravarigacha miqdorda jarima solishga 

sabab boʻladi. Ushbu yoʻnalishdagi harakatlarga aniqlik kiritish va tahlil qilish ishlari davom etmoqda.
Hozirgi energiya taqchilligi sharoitida barcha mutasaddi organlar yuzaga kelgan murakkab vaziyatning sabablarini aholiga keng tushuntirmoqda, Hukumat komissiyasi tuzilgan holda muammolarni manzilli oʻrganish va tezkor choralar koʻrish ishlari tashkil etilgan.
Energiya bilan bogʻliq boʻlgan vaqtinchalik salbiy holatlar respublikaning barcha hududida kuzatilyapti, mazkur holatdan esa ayrim shaxslar oʻz manfaatlari yoʻlida foydalanib, aholi osoyishtaligiga qarshi, vahima va chalgʻituvchi ma’lumotlar tarqatib, fuqarolarni noqonuniy harakatlarga chorlashiga qat’iy choralar koʻrilishini eslatib oʻtamiz.

Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech