Fargʼonada karantin qoidalarini buzgan haydovchilar javobgarlikka tortildi
Respublikamizga koronavirus infektsiyasi kirib kelishi va tarqalishini oldini olish maqsadida Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan joriy yilning 30 mart kuni soat 6:00dan boshlab viloyatlararo, Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida faqatgina Davlat xizmatlari markazlari tomonidan berilgan ruxsatnoma (stiker) bilan shaxsiy avtomobillarda harakatlanishga ruxsat etildi.
Viloyat IIB YHXB xodimlari tomonidan Fargʼona shahrida 31 mart kuni oʼtkazilgan tadbirlar davomida 171 nafar haydovchilar karantin qoidalarini buzib, shaxsiy avtomashinalarda maxsus ruxsatnomasiz xarakatlanayotganligi aniqlandi. Yuqoridagi haydovchilar karantin qoidalari buzgani uchun Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi Kodeksning 54-moddasi hamda yoʼl harakati qoidalarini tegishli bandlarini buzganligi uchun boshqa moddalar bilan maʼmuriy javobgarlikka tortildi.
Karantin qoidalarini buzgan, maxsus ruxsatnomasiz xarakatlangan haydovchilarning avtomashinalari jarima maydonchasiga joylashtirildi.
Fargʼona viloyat ichki ishlar boshqarmasi haydovchilardan maxsus ruxsatnomasiz avtomashina boshqarmasliklarini soʼrab qoladi. Zero yuqoridagi karantin qoidalari haydovchi va yoʼlovchilarning salomatligini asrash uchun joriy etilgan.
Eslatib oʼtamiz, maxsus ruxsatnomasiz avtomashina boshqarish maʼmuriy javobgarlik toʼrisidagi Kodeksning 54-moddasi (Epidemiyaga qarshi kurashish qoidalarini buzish) bilan maʼmuriy javobgarlikka tortishga asos boʼlib, 1 115 000 soʼm jarima qoʼllaniladi. Аvtomashina esa jarima maydonasiga joylashtiriladi.
Fargʼona viloyati IIB Аxborot xizmati