12 Mart 2020 yil 827

Fargʼonada IIB xodimga 2500 АQSh dollari taklif qilindi

   Joriy yilning 5 mart kuni 29 yoshli fuqaro Z.M., (ayol) Beshariq tuman IIB boshligʼi nomiga ariza bilan murojaat qilib, Obod mahallasida yashovchi 41 yoshli fuqaro M.P.,ga vaqtincha saqlab turish uchun 49.500 АQSh dollari va tilla buyumlarini berganligini, biroq fuqaro M.P., 31.000 АQSh dollarini qaytarib, qolgan qismini va tilla buyumlarini qaytarib bermayotganligini maʼlum qilib, aybdorga nisbatan chora koʼrishni soʼragan.
   Mazkur holat yuzasidan oʼtkazilayotgan tergovga qadar tekshiruv davomida fuqaro M.P., chora koʼrmaslik va ishni uning foydasiga ijobiy hal qilib berish evaziga Beshariq tuman IIB xodimiga 2.500 АQSh dollari miqdoridagi pullarni pora tariqasida taklif qilgan.
   IIB xodimining rahbariyatga yozgan bildirgisi asosida 6 mart kuni Oʼzbekiston Respublikasi IIV Oʼz xavfsizligi boshqarmasi Fargʼona viloyati boʼyicha boʼlimi hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Beshariq tumani boʼlimi xodimlari tomonidan hamkorlikda oʼtkazilgan tezkor tadbir davomida, fuqaro M.P., xodimning xizmat xonasida 2.500 АQSh dollarini pora tariqasida bergan vaqtida daliliy ashyolar bilan ushlanib, holat xolislar ishtirokida rasmiylashtirilgan.
   Mazkur holat yuzasidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi Beshariq tumani boʼlimi tomonidan hozirda tergovga qadar tekshiruv oʼtkazilmoqda.
Oʼzining shaxsiy manfaatidan Vatan oldidagi qasamini ustun qoʼyib, poraxo`rlik, firibgarlik kabi illatlarga qarshi kurashish har bir Ichki ishlar organlari xodimining burchi.
   Hurmatli fuqarolar qonun barcha uchun barobar!
   Poraxoʼrlik, taʼmagirlik, firibgarlik kabi illatlarga qarshi birga kurashaylik.

 

Fargʼona viloyati IIB Аxborot xizmati

Text to speech