Fargʻona viloyatidagi oʻrganishlar natijalari tanqidiy muhokama qilindi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Baxtiyor Islamov boshchiligidagi ishchi guruh uch kun davomida Fargʻona viloyatida jamoat xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilikni jilovlash, aholining muammoli qatlamlari bilan manzilli ishlash borasida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qarorlari va joylarga tashriflar davomida berilgan topshiriqlar asosida bajarilgan ishlarni koʻzdan kechirish, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish hamda amaliy yordam koʻrsatish maqsadida oʻrganish olib borayotgani haqida xabar bergan edik.
Bugun Fargʻona viloyati ichki ishlar boshqarmasida oʻrganish natijalari muhokamasiga bagʻishlangan yakuniy yigʻilish oʻtkazildi.
Tadbirda Ichki ishlar vazirligi ishchi guruhi aʼzolari, Fargʻona viloyati ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati, tuman-shahar ichki ishlar organlari boshliqlari hamda ularning oʻrinbosarlari ishtirok etdi.
Ishchi guruh rahbari oʻrganishlar yakuni boʻyicha soʻz yuritib, joylarda jinoyatchilikni «mahallabay» usulida jilovlash, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasida amalga oshirilgan ishlarni tanqidiy tahlil qildi.
Taʼkidlanganidek, Fargʻona viloyatida 2021-yil yakuniga koʻra jinoyatlar 90 foizga, jinoyat qidiruv yoʻnalishdagi jinoyatlar esa 92 foizga oshib ketgan.
Eng achinarlisi, jami jinoyatlarning har uchinchisi qotillik, tan jarohati yetkazish, nomusga tegish, bosqinchilik, talonchilik, oʻgʻrilik, firibgarlik, bezorilik kabi oldi olinishi mumkin boʻlgan jinoyat turlarini tashkil etadi.
Oʻz navbatida, bevosita mahallaning oʻzida jinoyatchilikni jilovlash ishlariga ham barcha joylarda yetarli eʼtibor qaratilmagan. 2021-yil yakuniga koʻra “qizil” toifaga kirgan mahallalar, viloyatning har uchinchi mahallasi yoki 351 tani tashkil etmoqda. Shu bilan birga “yashil” toifadagi mahallalar soni ham keskin kamayib ketgan. Misol uchun, Margʻilon shahri, Dangʻara, Buvayda, Furqat tumanlarida “yashil” toifadagi mahallalar umuman qolmagan, yaʼni, barcha mahallalarda jinoyatlar sodir boʻlgan.
Vazirlik ishchi guruhi aʼzolari viloyatning har bir tuman-shaharlaridagi ogʻir mahallalariga borib, sektorlar faoliyati, aholining muammolarni hal etish borasida amalga oshirilgan ishlar hamda jinoyatchilikni jilovlash amaliyotini batafsil oʻrganib chiqdilar.
Bundan tashqari, Davlatimiz rahbarining raisligida 2021-yilning 12-fevralida oʻtkazilgan Vazirlik Hayʼatining kengaytirilgan majlisda berilgan topshiriqlar ijrosi har bir hududda qay darajada amalga oshirilganligi koʻrib chiqildi.
Respublika boʻyicha kriminogen ogʻir baholangan 830 ta mahalladan 89 tasi Fargʻona viloyatiga toʻgʻri kelib, ushbu mahallalar uchun “ijtimoiy profilaktika” dasturlari ishlab chiqilgan boʻlsada, mavjud dasturlarning aksariyati yuzaki, rasmiyatchilik uchun tuzilgan. Jinoyatlarni taʼsirchan «mahallabay» va «sohabay» muhokama qilish ishlari ham talab darajasida tashkil etilmagan.
Aslida, bu boradagi ishlarni har bir mahallada, sektor rahbarlari, mutasaddi tashkilot va idora vakillarini jalb etgan holda doimiy ravishda oʻtkazilishi kerak edi, dedi Prezident maslahatchisi.
Yigʻilishda viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Muhiddin Joʻrayev ham soʻz olib, oʻrganish natijalaridan toʻgʻri xulosa chiqarib, jinoyatchilikni jilovlash borasidagi profilaktik ishlarni sifat jihatidan yaxshilashga, sektorlar faoliyatini talab darajasiga keltirishga soʻz berdi.
Muhokama va tahlildan kelib chiqib, kriminogen vaziyati ogʻir hisoblangan 89 ta mahallalarda jinoyatchilikni jilovlashga oid yoʻl xaritalarini qaytadan ishlab chiqish, aholining muammolarini uyma-uy oʻrganib, «fuqarobay» ishlash usulini amaliyotga keng tatbiq etish, xodimlar oʻrtasida xizmat intizomi va qonunchilikni taʼminlash, jamoada sogʻlom muhitni shakllantirish kabi yoʻnalishlarda mutasaddi rahbarlar oldida turgan eng muhim va ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati