11 Sentyabr 2021 yil 1111

Fargʻona viloyati IIBda kitoblar taqdimoti boʻlib oʻtdi

Fargʻona viloyati ichki ishlar boshqarmasining ma’naviyat va ma’rifat zalida mustaqilligimizning 30 yillik bayrami arafasida nashrdan chiqqan yangi kitoblar taqdimoti oʻtkazildi.

Taqdimotda boshqarma rahbariyati, adabiyotshunos olimlar, jurnalistlar, faxriylar va shaxsiy tarkib ishtirok etdi.

Ma’lumki, bayram arafasida Ichki ishlar vazirligi rahbariyatining bevosita tashabbusi bilan “El-yurt osoyishtaligi generallari” nomli kitob chop etilgan edi. Taqdimotda dastlab ushbu kitobning mazmun-mohiyati haqida soʻz yuritildi. Taniqli olim, yuridik fanlari doktori Abdugʻaffor Sattorov tomonidan yaratilgan ushbu kitob soha xodimlari uchun muhim va tarixiy qoʻllanma ekanligi, unda jamlangan generallarning hayot yoʻli va faoliyatidan ibrat olish kerakligi qayd etildi.

Istiqlol ayyomi arafasida Fargʻona viloyati IIB rahbariyati tomonidan ham yangi bir kitob nashr etildi. “Fargʻonaning fidoyi farzandlari” nomli ushbu toʻplamda el-yurt osoyishtaligiga munosib hissa qoʻshgan fargʻonalik ichki ishlar organlari faxriylari, sulolalar, istiqlol yillarida davlat mukofotlarini qoʻlgan kiritgan xodimlar hamda xizmat vazifasini bajarish paytida xalok boʻlgan mard oʻgʻlonlar haqida hikoya qilinadi. Taqdimot jarayonida mazkur kitob va uning sahifalaridan joy olgan qahramonlar haqida xodimlarga batafsil ma’lumot berildi.

Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi birlashgan tahririyatining Fargʻona viloyati boʻyicha muxbiri Abduvosit Sidiqov qalamiga mansub yangi nashrdan chiqqan “Qaldirgʻochlar qaytgan kun” nomli kitob haqida ham taqdimotda alohida soʻz yuritildi. Unda muallifning turli yillarda yozgan eng oʻqimishli va sara hikoyalari oʻrin olgani ta’kidlab oʻtildi.

Tadbirda viloyat IIB boshligʻining oʻrinbosari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Fayzilla Ortiqboyev soʻzga chiqib, ichki ishlar organlar xodimlari oʻrtasida kitobxonlik madaniyatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida toʻtaldi va barcha xodimlarga taqdimoti oʻtkazilgan kitoblarni olib oʻqishni maslahat berdi.

Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech