Fargʻona viloyati IIB PPX xodimlari tomonidan oʻtkazilgan profilaktik tadbirlar davomida pirotexnika vositalarining noqonuniy savdosiga chek qoʻyilmoqda
Ma’lumki, pirotexnika mahsulotlarining tarkibini portlovchi va yonuvchan, xavfli moddalar tashkil qiladi. Shu bois bunday vositalar inson salomatligiga juda katta zarar yetkazishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga koʻra, pirotexnika buyumlarini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash, tashish, joʻnatish, ulardan foydalanish, xuddi shuningdek, ularni qonunga xilof ravishda Oʻzbekiston Respublikasiga olib kirish (olib chiqish) yoki oʻtkazish huquqbuzarlik ashyolarini musodara qilib, eng kam ish haqining besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
Bundan tashqari, Jinoyat kodeksining tegishli moddasida esa bunday qilmishlarni sodir etganlar uchun uning kim tomonidan sodir etilgani va qanday oqibatlarga olib kelganligiga qarab turli jazo choralari, jumladan, ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoʻllanishi koʻzda tutilgan.
Ammo oramizda bunday vositalar savdosi bilan xuyofna tarzda shugʻullanayotganlar haligacha uchrab turibdi.
Fargʻona viloyati IIB PPX xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor profilaktik tadbirlar davomida ana shunday holatlarga oʻz vaqtida chek qoʻyilmoqda.
Jumladan, joriy yilning 7-noyabr kuni Birinchi mintaqaviy hudud PPX otryadi 1-guruh xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tadbir davomida Margʻilon shahrida yashovchi, voyaga yetmagan A.R ning harakatlari shubha uygʻotganligi sababli, uning yoni xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganida xorijda ishlab chiqarilgan, taxminiy qiymati 30000 (oʻttiz) ming soʻm boʻlgan, jami 6 dona “Solovey razboynik” nomli pirotexnika vositalari borligi aniqlandi.
Xuddu shu kuni Margʻilonda yashovchi yana bir voyaga yetmagan Gʻ.B. yonidan ham 6 dona “Solovey razboynik” nomli pirotexnika vositalari topildi.
Fargʻona viloyati IIB Ikkinchi mintaqaviy hudud PPX otryadi 1-guruh xodimlari Qoʻqon shahar Sarboz koʻchasida yashovchi T.Z ismli fuqaroga qarashli gul doʻkonidan
taxminiy qiymati 2 million 700 ming soʻm boʻlgan, 8 dona pirotexnika vositasini aniqladilar.
Aniqlangan barcha holatlar yuzasidan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirildi.
Bu kabi noqonuniy qilmish bilan voyaga yetmagan yoshlar shugʻullanayotgani juda achinarli holdir. Shu bois ota-onalardan farzandlari tarbiyasiga e’tiborsiz boʻlmasliklarini soʻrab qolamiz.
Yodda tuting, har qanday noqonuniy qilmish uchun tegishli tartibda jazo choralari belgilangan.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati