Fargʻona viloyati IIB Jamoat xavfsizligi xizmati rahbari tomonidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi
Ma’lumki, yaqinda Ichki ishlar vazirligi jamoat xavfsizligi departamentining Huquqbuzarliklar profilaktikasi xizmati mas’ul xodimlari viloyatimizda boʻlib, tizimda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan oʻrganishlar olib borgan edi.
Oʻrganishlar jarayonida aniqlangan xato va kamchiliklarni muhokama qilish, xizmat intizomi va qonunchilikni mustahkamlash, kelgusida amalga oshirilishi zarur boʻlgan ustuvor vazifalarni belgilab olish maqsadida tashkil etilgan yigʻilishni viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari, Jamoat xavfsizligi xizmati rahbari, podpolkovnik Farruxbek Oʻsarov olib bordi.
Videokonferensiya tartibida oʻtgan yigʻilishda barcha shahar-tuman IIB boshliqlari va ularning oʻrinbosarlari, huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlimi boshliqlari, katta inspektorlar, xotin-qizlar masalalari boʻyicha katta inspektorlar, inspektor-psixologlar ishtirok etdilar.
Majlisda vazirlik mas’ul xodimlari tomonidan olib borilgan oʻrganishlar yakuni haqida atroflicha soʻz yuritilib, huquqbuzarliklar profilaktikasi yoʻnalishida aniqlangan ayrim kamchiliklar chuqur tahlil qilindi, ularni bartaraf etish boʻyicha esa zarur tavsiyalar oʻrtaga tashlandi.
Yigʻilish davomida soha xodimlari tomonidan kelgusida amalga oshiriladigan eng muhim va ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati