28 Yanvar 2023 yil 555

Fargʻona viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasida 2022-yil ish yakunlari sarhisob qilindi

Fargʻona viloyati IIB huzuridagi Tergov boshqarmasi va uning quyi boʻlinmalari tomonidan 2022-yilda amalga oshirilgan ishlar, yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar hamda kelgusidagi vazifalar yuzasidan yigʻilish oʻtkazildi.

Tadbir vazirlik huzuridagi Tergov departamenti boshligʻining birinchi oʻrinbosari polkovnik Baxtiyor Odilovich Jalolov ishtirokida tanqidiy ruhda oʻtkazildi, kamchiliklarga yoʻl qoʻygan xodimlar hamda rahbarlarning hisoboti eshitildi. Shuningdek, tergovga qadar tekshiruv hujjatlari va jinoyat ishlari yuzasidan qonuniy qarorlar qabul qilinishini ta’minlash, xodimlarni oʻqitish, bilim va malakasini oshirish borasidagi ishlar, shu bilan birga, kelgusida tergov boʻlinmalari oldida turgan ustuvor vazifalar belgilab berildi.

Bundan tashqari, 2022-yildagi ish natijalari tahlilidan kelib chiqib, joriy yilda amalga oshirilishi lozim boʻlgan, qator vazifalarni oʻz ichiga olgan kompleks chora-tadbirlar rejasiga alohida toʻxtalib, 2023-yil "Tergov sifatini oshirish yili" deb belgilanganligini inobatga olgan holda ish faoliyati samarali tashkil etilishi va bu boradagi ishlar yanada jadallashtirilishi koʻrsatib oʻtildi.

Fargʻona viloyati IIB boshligʻining oʻrinbosari - Tergov boshqarmasi boshligʻi, polkovnik M.Sattarov soʻzga chiqib, 2022-yilda faoliyatda yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarni birma-bir oʻqib eshittirdi, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlashda adolatlilik, halollik va insonparvarlik tamoyillariga rioya etilishi, ustoz-shogird an’analari toʻgʻri yoʻlga qoʻyilishini ta’kidladi.

Tadbirda, tergov sohasida uzoq yillar samarali mehnat qilgan va koʻplab shogirdlarni tarbiyalagan uch nafar xodimlarga Tergov departamenti rahbariyatining tabrigi oʻqib eshittirilib, esdalik sovgʻalari topshirildi va ular tantanali ravishda nafaqaga kuzatildi.

Shu bilan birga, jinoyat ishlarini sifatli tergov qilib yaxshi natijalarga erishgan, hamkasblariga oʻrnak boʻlib kelayotgan bir guruh xodimlar hamda tergov boʻlinmalari rahbarlariga diplom, pul mukofoti va qimmatbaho sovgʻalar topshirildi.

Yigʻilish soʻngida polkovnik B.Jalolov tomonidan xizmat intizomi va qonuniylikka qat’iy rioya etilishi alohida ta’kidlanib, shaxsiy tarkibga qator topshiriq va tavsiyalar berildi.

 

Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech