Fargʻona viloyati IIB boshligʻi mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari bilan uchrashuv oʻtkazdi
Shu kunlarda Fargʻonada yangi saylangan mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari uchun mahalla institutini rivojlantirish, “mahallabay” ishlash tizimini shakllantirish, mahalla raislari faoliyatini qoʻllab-quvvatlash, muammolarini oʻrganish va hal etish masalalari yuzasidan oʻquv seminarlari tashkil etilmoqda.
Jumladan, seminar davomida Fargʻona viloyati IIB boshligʻi, polkovnik Muhiddin Joʻrayev mahalla raislari bilan uchrashuv oʻtkazdi. Unda hududlarda jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, jinoyat sodir etishga moyil shaxslar bilan manzilli ish olib borish yuzasidan zarur tavsiyalar berdi.
Fargʻona, Quvasoy shaharlari va Fargʻona tumanlaridagi jami 177 ta mahalla fuqarolar yigʻinlari raislari ishtirokida oʻtkazilgan tadbirda hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektorlari mahalla raislariga koʻmakdosh boʻlayotgani, kelgusida ham ularning oʻzaro hamkorligini yanada yaxshilash kerakligi ta’kidlandi.
Oʻquv seminari davomida aholini kambagʻallikdan chiqarish, ishsizlikni yoʻqotish, yoshlarni boʻsh vaqtlaridan samarali foydalanishlari uchun sharoit yaratish, oilaviy ajrimlar, jinoyatchilik va huquqbuzarlikning oldini olish, bunda ichki ishlar organlari bilan mahalla raislari oʻrtasidagi hamkorlikni tashkil etish boʻyicha muhim vazifalar belgilab olindi.
Mahalla raislari hududidagi har bir muammoli vaziyatni chuqur oʻrganishi va unga yechim topishi kerakligi ta’kidlandi. Uchrashuvda mahalla raislari bildirilgan ishonchni oqlash uchun astoydil harakat qilib, natija koʻrsatishga va’da berdilar.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati