Fargʻona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi hamda viloyat Bandlik bosh boshqarmasi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi
Fargʻona viloyati Ichki ishlar boshqarmasi hamda Bandlik bosh boshqarmasi oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, qonunlari hamda xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan qoidalariga tayangan holda ichki ishlar organlari tizimida bandlik sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish, band boʻlmagan aholini, ayniqsa, yoshlarni ishga joylashtirish boʻyicha chora-tadbirlar samaradorligini oshirish, mehnat huquqlarini himoya qilish va mehnat muhofazasini kuchaytirish hamda tomonlarning oʻzaro hamkorligini ta’minlash maqsadida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Ushbu Memorandumning maqsadi ikki tomonlama munosabatlarning istiqbollarini belgilash, oʻzaro qiziqish uygʻotadigan masalalarni kelishgan holda amalga oshirish, oʻzlarining vakolatlari doirasida manfaatli munosabatlarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirishdan iborat.
Ushbu huquqiy hujjatda viloyat ichki ishlar organlari xodimlari, harbiy xizmatchilari, ishchi va xizmatchilar hamda ularni oila a’zolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida haq toʻlanadigan ishga yoki ish haqqi (mehnat daromadi) keltiradigan mashgʻulotga ega boʻlmagan turmush oʻrtoqlari va 18 yoshga yetgan farzandlarini kasbga yoʻnaltirish, Bandlik bosh boshqarmasi huzuridagi “Ishga marhamat” monomarkazlari, kasb-hunarga oʻqitish markazi, professional ta’lim muassasalarida va “usta-shogird” usulida oʻqitishni tashkil etish kabi muhim vazifalar belgilandi.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasida boʻlib oʻtgan tadbirda soha rahbarlari tomonidan memorandum imzolanib, uni amalga oshirish yuzasidan hamkorlikdagi ishlar kelishib olindi.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati.