Fargʻona viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi xizmat vaqtida halok boʻlgan xodimlarning oilasi va farzandlari xolidan xabar oldi
Vatanga sadoqat bilan xizmat qilish, uning osoyishtaligini saqlash qanchalik sharafli vazifa boʻlsa, el-yurt tinchligini asrash yoʻlida oʻz shirin jonini fidoyi qilgan oʻgʻlonlarning jasorati chinakam qahramonlikdir.
Fargʻona viloyati ichki ishlar organlari safida ham vatan xizmatiga oʻz jonini qurbon qilib, xizmat vazifasini bajarish chogʻida xalok boʻlgan bir qator xodimlar borki, ularning porloq xotirasi safdoshlar yodidan aslo koʻtarilmaydi.
Ichki ishlar organlari xodimlari kuni kasb bayrami arafasida viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Muhiddin Joʻrayev xizmat vaqtida halok boʻlgan, shuningdek, nogiron boʻlib qolgan xodimlar va ularning farzandlari xolidan xabar olib, ularga ehtirom koʻrsatdi.
Masalan, boshqarma boshligʻi Fargʻona tumani probatsiya guruhi inspektori vazifasida ishlagan, katta leytenant Xayrullo Nishonov, Margʻilon shahar IIB profilaktika inspektori vazifasida faoliyat koʻrsatgan, leytenant Baxodirjon Karimovning xonadoniga tashrif buyurib, mard oʻgʻlonlarning yaxshi fazilatlarini chuqur hurmat bilan yodga oldi. Oila a’zolari va farzandlariga esa bayram sovgʻalarini taqdim qildi.
Fargʻona shahar IIB tergov boʻlimida tergovchisi boʻlib xizmat qilgan katta leytenant Baxodir Nasredinov ham fidoyi xodimlardan biri edi.
Boshqarma boshligʻi uning xonadoniga ham borib, bayram bilan samimiy tabrikladi, oʻz sovgʻalarini topshirdi.
Bu yoʻqlov va koʻrsatilgan e’tibordan esa xonadon egalarining boshi osmonga yetgani rost.
Bir soʻz bilan aytganda, mazkur ehtirom tadbirlari vatan xizmat yoʻlida oʻz jonini fido qilgan qahramonlar hech qachon unutmasligini yana bir bor amalda isbot etdi.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati