18 Mart 2020 yil 681

Fargʼona viloyati hududida 449 nafar haydovchilar mast holda transport vositasini boshqarganligi aniqlandi

   Spirtli ichimliklar isteʼmol qilish haydovchining sezgirligi va diqqat-eʼtiborini susaytirib, unda beparvolik hissini paydo qiladi. Mast holatda avtomashina boshqargan haydovchi yoʼl-transport hodisasi sodir etmasligiga hech kim kafolat bera olmaydi.
   Fargʼona viloyati IIB Yoʼl harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan viloyat hududida doimiy ravishda oʼtkazib kelinayotgan tadbirlar davomida, transport vositalarini mast holda boshqargan haydovchilar aniqlanmoqda hamda ularga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilmoqda.
   Jumladan, joriy yilning yanvar oyida 203 nafar, fevral oyida 167 nafar va mart oyida 79 nafar, jami 449 nafar haydovchilar tomonidan mast holda transport vositasini boshqarish holatlari aniqlanib, barcha haydovchilarga nisbatan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan va ularning transport vositalari jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
   Eslatib oʼtamiz, Oʼzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksning 131-moddasida transport vositalarini mast holda boshqarish transport vositasini boshqarish huquqidan bir yilu olti oydan uch yilgacha muddatga mahrum qilinib, bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravari miqdorida (5.575.000 soʼm) jarima solishga sabab boʼlishi, huddi shunday maʼmuriy huquqbuzarlik bir yil davomida sodir etilganda esa bazaviy hisoblash miqdorining qirq baravari miqdorida (8.920.000 soʼm) jarima yoki oʼn besh sutka muddatga maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʼlishi koʼrsatilgan.
   Mast holda transport vositasini boshqarib, transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum boʼlish bilan birga yuqoridagi miqdorda jarima, bundan tashqari transport vositasini jarima maydonchasida saqlab turish xarajatlarini toʼlab, oilangizga katta miqdorda moddiy zarar yetkazishingiz mumkin.
   Yana bir bor huquqbuzarlarga nisbatan jarima qoʼllashdan maqsad byudjet tushumini koʼpaytirish emasligini, balki ular tomonidan sodir etiladigan yoʼl transport hodisalari oqibatida fuqarolarni vafot etishi yoki tan jarohati yetkazilishini oldini olish ekanligini eslatib oʼtamiz.
   Hurmatli haydovchi !
   Transport vositasini mast holda boshqarish insonlarni yaqinlaridan umrbod ayrilib qolishiga, tan jarohati olishlariga sabab boʼlishi mumkin.
   Spirtli ichimliklar isteʼmol qilib, mast holatda transport vositasini boshqarish avvalo oʼzingiz, qolaversa atrofdagilar hayoti va sogʼligʼiga tajovuz ekanligini unutmang!

   Ogoh boʼling!

 

                                                            Fargʼona viloyati IIB Аxborot xizmati

Text to speech