Fargʻona viloyat ichki ishlar organlarida uch avlod uchrashuvi tadbirlari oʻtkazildi
Hayotda koʻpni koʻrgan, yillar sinovida toblanib, boy amaliy tajriba toʻplagan faxriylarning oʻgit va mashalatlari yoshlar uchun chinakam ibrat maktabi hisoblanadi.
Shu nuqtai nazardan olib qaralganda ichki ishlar organlarida ham “ustoz-shogird” an’anasini yoʻlga qoʻyish, faxriylar va yosh xodimlar ishtirokida uch avlod uchrashuvlarini tashkil etishga alohida e’tibor qartilmoqda.
Shu kunlarda Ichki ishlar vazirining 2022-yil 28 senyatbrdagi “Ichki ishlar organlarida xizmat intizomi va xodimlarda vatanparvarlik tuygʻularini kuchaytirish boʻyicha targʻibot guruhlarini tashkil etish toʻgʻrisidagi” gi farmoyishi ijrosini ta’minlash maqsadida oʻtkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarda ham ushbu ezgu maqsad mujassamdir.
“Kasbiy tayyorgarlik oyligi” hamda “Keksalar haftaligi” doirasida Fargʻona, Margʻilon, Qoʻqon shaharlari hamda Oltiariq va Furqat tumanlarida tashkil qilingan uch avlod uchrashuvlarida mazkur hududlarga yondosh tumanlar shaxsiy tarkibi ham ishtirok etdi.
Ichki ishlar vazirligi faxriylar kengashi raisi oʻrinbosari va a’zolari, viloyat ichki ishlar boshqarmasi Faxriylar kengashi a’zolari, ichki ishlar organlarida koʻp yildan buyon faoliyat koʻrsatayotgan tajribali xodimlar yoshlarga oʻz tajribalari haqida soʻzlab, vatanga muhabbat, kasbga sadoqat, xizmat intizomiga rioya qilish, halollik, fuqarolar bilan muomala madaniyati kabi tushunchalarda oʻz maslahatlarini berdilar.
Bu kabi xayrli tadbirlar “ustoz-shogird” an’anasining amaldagi ifodasi sifatida keksalar tajribasini yoshlar shijoati bilan uygʻunlashtirishga, shu asosda soha xodimlarining qalbidagi Vatanga muhabbat, kasbga sadoqat tuygʻularini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati