Fargʻona shahrida xususiy korxona omboridan uch dona suv nasoslarini oʻgʻirlagan shaxs qoʻlga tushdi
Fargʻona shahri. 14-sentabr kuni Yangiasr koʻchasida yashovchi E.Z IIBga murojaat qilib, unda 13-sentabr kuni noma’lum shaxs Sh.Rashidov koʻchasida joylashgan xususiy korxonasiga qarashli omborxonaga gʻayriqonuniy ravishda kirib, umumiy narhi 10.000.000 soʻmlik uch dona suv nasoslarini yashirin ravishda oʻgʻirlab ketganini ma’lum qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Fargʻona shahar IIO FMB huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “g” bandi (oʻgʻirlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni R.I sodir etganligi aniqlanib, protsessual tartibda ushlangan.
Eslatib oʻtamiz, Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismida koʻrsatilgan jinoyatni sodir etgan shaxs besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Hurmatli fuqarolar, oʻz mol-mulkingiz, pul mablagʻlaringizni ehtiyot qiling! Bu bilan oʻgʻirlik jinoyatlarining oldini olishga hissa qoʻshgan boʻlasiz.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati