3 Yanvar 2022 yil 492

Fargʻona shahrida kissavur ayolga jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

Fargʻona shahri. 2021 yilning 25-dekabr kuni R.N ismli ayol IIBga murojaat qilib, unda shu kuni noma’lum shaxs Bozorboshi koʻchasida joylashgan dehqon bozoriga xarid uchun kelgan vaqtida egnidagi kiyimi choʻntagidan 2.000.000 soʻm pullarini kissavurlik yoʻli bilan yashirin ravishda talon-toroj qilib, hodisa joyidan yashiringanligini bildirgan.

Mazkur holat yuzasidan Fargʻona shahar IIO FMB huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “a” bandi (kissavurlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni I.M ismli ayol sodir etganligi aniqlanib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismida koʻrsatilgan jinoyatni sodir etgan shaxs besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Hurmatli fuqarolar, oʻz mol-mulkingiz, pul mablagʻlaringizni ehtiyot qiling! Bu bilan oʻgʻirlik jinoyatlarining oldini olishga hissa qoʻshgan boʻlasiz.

Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech