Diqqat, muqaddam "Marokash" choyxonasida qotillik jinoyatini sodir qilishda gumonlanib qidiruv e’lon qilingan Joʻrayev Ulugʻbek Avazbek oʻgʻli ushlandi
Joriy yilning 21-iyun kuni fuqaro O.Z. Dangʻara tumanidagi “Marokash” nomli choyxonada oʻrtoqlari bilan oʻtirgan vaqtida, 1998-yilda Qoʻqon shahrida tugʻilgan Joʻrayev Ulugʻbek Avazjon oʻgʻli bir nechta tanishlari bilan choyxonaga kelib, fuqaro O.Z.ni oʻzlari turgan joyga chaqirib, oʻzaro gap talashib janjallashib, yonida boʻlgan oʻtkir tigʻli jism bilan O.Z.ning oʻng koʻkrak qafasiga urib, tan jarohati yetkazgan. Natijada O.Z tan jarohati olib, hodisa joyida vafot etgan.
Mazkur holat yuzasidan Dangʻara tuman prokuraturasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 97-modda 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, Joʻrayev Ulugʻbek Avazbek oʻgʻliga nisbatan qidiruv e’lon qilingan edi.
Qoʻqon shahridagi tozalash maxsus-profilaktik tadbirlari doirasida viloyat IIB hamda DXX xizmati xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda Joʻrayev Ulugʻbek Avazbek oʻgʻli qoʻlga olinib, unga nisbatan "qamoqqa olish" tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanildi.
Shu oʻrinda, yuqoridagi shaxsning xatti-harakatlariga qonuniy baho berilib, jazo muqarrarligi va qonun ustuvorligi ta’minlanadi.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati