Yong’in xavfsizligi sohasidagi ilmiy-tadqiqotlarda Xitoy bilan hamkorlik kuchaytiriladi
Shu yilning 23-27 oktyabr kunlari O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yong’in xavfsizligi instituti boshlig’i polkovnik Nuriddin Narmatov boshchiligidagi delegatsiya Xitoyda rasmiy tashrif bilan bo’ldi.
Tashrif davomida delegatsiya a’zolari Xitoy Favqulodda vaziyatlar vazirligi Yong’in xavfsizligi Qo’mitasi, Pekin shahar Yong’in xavfsizligi Byurosi hamda Tyantszin yong’in xavfsizligi ilmiy-tadqiqot instituti rahbariyati va ilmiy-xodimlari bilan uchrashishdi. Uchrashuv doirasida yong’in xavfsizligi sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borishda laboratoriya uskunalaridan o’zaro manfaatli foydalanish, ilmiy xodimlarning o’zaro tajriba almashishi va malakasini oshirishi, Yong’in xavfsizligi institutida qurilishi rejalashtirilayotgan o’quv yong’in o’chirish poligonini jihozlashda hamkorlik qilish, ikki mamlakat kursantlarini o’zaro o’qitish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, yong’in xavfsizligi sohasidagi oliy ta’lim muassasalari o’qituvchilarining ikki davlatga tashrifi davomida master-klass, o’quv seminarlari va treninglar olib borishi bo’yicha memorandum imzolashga kelishildi. Mazkur hamkorlik doirasida tomonlar ijtimoiy soha, iqtisodiyot tarmoqlari va sanoat korxonalari, yuqori qavatli aholi turar joylarining yong’inga qarshi muhofazasini yanada mustahkamlash, zamonaviy yong’in o’chirish texnika va texnologiyalarini amaliyotga bosqichma-bosqich joriy etish kutilmoqda.
So’nggi vaqtlarda O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yong’in xavfsizligi instituti sohaga kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishda bir qator xorij mamlakatlarining yong’in xavfsizligi sohasidagi oliy ta’lim muassasalari bilan o’zro hamkorlikni yanada rivojlantirish bo’yicha amaliy ishlarni olib bormoqda. Xususan, Yong’in xavfsizligi instituti delegatsiyasi avgust va sentyabr oylarining o’zida Rossiya, Janubiy Koreya, Yaponiya va Belarus Respublikasining yong’in xavfsizligi sohasidagi oliy ta’lim muassasalarida bo’lib, hamkorlikda amalga oshirilishi lozim bo’lgan maqsadli rejalarni belgilab olishgan edi.
O’zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi