25 Mart 2020 yil 808

Chirkin kasb egalari

 

Odam bir burda nonini halollik bilan yoki aksincha ham topib yeyishi mumkin. Sogʼlom fikrli jamiyat oʼz tarkibidagi nopok yoʼllar bilan manfaat koʼradigan kimsalar qilmishini qoralab, ularga qonuniy chora koʼrib keladi. Аna shunday illatlardan biri qoʼshmachilik qilish yoki fohishaxona saqlashdir.

Jinoyat kodeksining 131-moddasida qoʼshmachilik qilish yoki fohishaxona saqlaganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

Аyrim kimsalar, ayniqsa ayollar yengil pul topish ilinjida qoʼshmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash kabi jirkanch ishni oʼzlariga kasb qilib olib, shuning ortidan tirikchilik qilishni, yana ham achinarlisi, oila tebratishni oʼzlariga ep koʼrishmoqda.

Аchchiq boʼlsada aytish lozim, Fargʼona viloyati Ichki ishlar boshqarmasining tegishli xizmatlari tomonidan mazkur illatga qarshi kurashish boʼyicha olib borilgan tezkor tadbirlar davomida, joriy yilning oʼtgan davrida 10 dan ortiq holatda yuqoridagi faoliyat turi bilan shugʼullanib kelayotgan kimsalar aniqlangan.

Eng yomoni ularning orasida erkaklar ham bu kasb etagini tutganligi juda ham achinarlidir.

Xususan, joriy yilining 06 fevral kuni oʼtkazilgan tezkor tadbir davomida Fargʼona shahrida istiqomat qiluvchi M.K. erkak kishi boʼla turib, moddiy manfaat evaziga qoʼshmachilik bilan shugʼullanib kelayotganligi aniqlangan.

Bundan tashqari, 26 fevral kuni Qoʼqon shahrida oʼtkazilgan tezkor tadbirlar davomida А.Temur koʼchasida yashovchi А.А. ham qoʼshmachilik bilan shugʼullanayotgan vaqtda qoʼlga olingan.

Shuningdek, 2 fevral kuni oʼtkazilgan tezkor tadbir davomida Fargʼona shahrida yashovchi M.R. ismli ayol esa ikki nafar shaxslarni 300 ming soʼm evaziga yashash xonadonida jinsiy extiyojlarini qondirishlariga sharoit yaratib berganligi aniqlangan.

Yuqorida koʼrsatilgan barcha shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʼzgʼatilib, javobgarlikning muqarrarligi taʼminlangan.

Fargʼona viloyat IIB xodimlari tomonidan yuqoridagi jirkanch faoliyat bilan shugʼullanib kelayotgan shaxslarni fosh etish maqsadida tezkor tadbirlar davom ettiriladi.

Ham diniy, ham dunyoviy kitoblarda qattiq qoralanadigan ushbu faoliyat turini oʼziga kasb qilib olgan, zino va ayshu-ishratga berilgan shaxslarga sharoit yaratib berib, buning ortidan daromad topayotgan shaxslar albatta javobgarlikka tortiladi.



Fargʼona viloyati IIB Аxborot xizmati



 

 

Text to speech