16 Aprel 2022 yil 590

BOSH MARKAZ MUTAXASSISLARI ISHTIROKIDA SAYYOR OʻQUV MASHGʻULOTI

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Ekspert-kriminalistika bosh markazi mas’ul xodimlar tomonidan Fargʻona viloyati IIB Ekspert-kriminalistika boʻlimi xodimlari ishtirokida sovuq qurol ekspertizasini mustaqil ravishda oʻtkazish boʻyicha oʻquv mashgʻulotlari oʻtkazildi.

Oʻquv yigʻini davomida vazirlikning malakali mutaxassislari sovuq qurol va sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan ashyolar turkumiga kiruvchi ashyolarni kriminalistik ekspertizadan oʻtkazishning oʻzi xos jihatlari, tartib-qoidalari va mas’uliyatli tomonlari haqida ma’lumot berdilar.

Ta’kidlanganidek, sovuq qurollarning kriminalistik ekspertizasi normativ-huquqiy hujjatlar, maxsus adabiyotlar va ma’lumotlarga asoslangan boʻlishi kerak. Bularning barchasi tadqiqotlarning ob’yektivligini ta’minlash, ekspert xulosasini surishtiruvchi, tergovchi va sud tomonidan baholashni osonlashtirish uchun zarurdir.

Mashgʻulot davomida ishtirokchilar tomonidan berilgan barcha savollarga atroflicha va asosli javoblar qaytarildi.

Yigʻin yakunlanganidan soʻng unda ishtirok etgan ekspertlarga sovuq qurol ekspertizasini mustaqil ravishda oʻtkazishga ruxsat beruvchi maxsus sertifikatlar ham topshirildi.

Bunday sayyor oʻquv yigʻinlari soha xodimlarining bilim va malakasini oshirish hamda xizmat jarayonidagi texnik imkoniyatlarini yanada kengaytarishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech