13 Fevral 2020 yil 904

BOBUR YuRTIGA SAYoHAT

14 fevral – buyuk bobokalonimiz Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan kun. Zahiriddin Muhammad Bobur 1483 yilning 14 fevralida Andijonda, Farg'ona ulusining hokimi Umar Shayx Mirzo oilasida dunyoga kelgan. U O'rta asr Sharq madaniyati, adabiyoti va she'riyatida o'ziga xos o'rin egallagan adib, shoir, olim bo'lish bilan birga yirik davlat arbobi va sarkarda hamdir. Bobur keng dunyoqarashi va mukammal aql-zakovati bilan Hindistonda Boburiylar sulolasiga asos solib, bu mamlakat tarixida davlat arbobi sifatida nomi qolgan bo'lsa, serjilo o'zbek tilida yozilgan «Boburnoma» asari bilan jahonning mashhur tarixnavis olimlari qatoridan ham joy oldi. Shu munosabat bilan Farg'ona viloyati IIB Kadrlar boshqarmasi tashabbusi bilan farg'onalik o'quvchi-yoshlarni Bobur tug'ilib o'sgan yurt – Andijonga sayohati tashkil etildi. Kadrlar boshqarmasi xodimlari Farg'ona shahridagi 15-umumta'lim maktabining 30 nafar o'quvchilari hamrohligida Andijon shahrida bo'lib, Zahiriddin Muhammad Bobur haykali, uning nomi bilan ataluvchi bog' va muzeyni tomosha qildilar. Soha xodimlari yoshlarga buyuk ajdodimiz hayoti va ijodi haqida so'zlab berishdi. Yoshlar mazkur uchrashuv davomida ulug' ajdodimizning sarkardalik faoliyati, ijodiy ishlari haqida qimmatli ma'lumotga ega bo'ldilar.                                                      
 
                                                    Farg'ona viloyati IIB Axborot xizmati
Text to speech