Beshariq tumanida 69 000 000 soʻm pullarni oʻgʻirlagan shaxs qoʻlga olindi
Beshariq tumani.Fuqaro A.A IIBga murojaat qilib, unda 2022-yilning 20-may kuni noma’lum shaxs Toshkent viloyati Qibray tumanida joylashgan bozorda oʻziga tegishli boʻlgan quritilgan oʻrik mevalarini sotib, savdodan tushgan pullarni olib tanishi bilan birga oq rangli “Damas” rusumli avtomashinasida yoʻlga chiqib, yashash xonadoniga yetib kelgan vaqtida, oʻziga tegishli boʻlgan sumka ichida boʻlgan 69 000 000 soʻm pullarni yashirin ravishda oʻgʻirlab, hodisa joyidan yashiringan.
Mazkur holat yuzasidan Beshariq tumani IIB huzuridagi tergov boʻlinmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari davomida ushbu jinoyatni X.R sodir etganligi aniqlanib, undan jabrlanuvchi A.A.ga tegishli boʻlgan 69 000 000 soʻm pullardan 4 550 000 soʻm pullar daliliy ashyo tariqasida olinib tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hurmatli fuqarolar, oʻz mol-mulkingiz, pul mablagʻlaringizni ehtiyot qiling! Bu bilan oʻgʻirlik jinoyatlarining oldini olishga hissa qoʻshgan boʻlasiz.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati