28 Mart 2022 yil 518

Bagʻdod tumanida xoʻroz urishtirish uchun qimorxona tashkil qilgan shaxs javobgarlikka tortildi

Bagʻdod tumani. 24-mart kuni tuman IIB xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida aniqlanishicha, X.R ismli fuqaro Qoʻshtegirmon qishlogʻi hududida qonunga xilof ravishda tavakkalchilikka asoslangan xoʻroz urishtirish oʻyini oʻtkazish uchun qimorxona tashkil qilib, xoʻrozlarni urishtirish uchun moʻljallangan maxsus joy tayyorlagan. Ushbu joyda bir guruh shaxslarni qimor oʻyiniga jalb qilib, fuqaro T.I va A.I.larning xoʻrozlarini 250.000 soʻmdan pul berish evaziga urishtirish uchun sharoit yaratib berib, evaziga 25.000 soʻm miqdorida moddiy manfaatdor boʻlganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan Bagʻdod tumani IIB huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan X.R.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 278-moddasi 1-qismi (qimorxona tashkil etish) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, Jinoyat kodeksining 278-moddasi (qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarni tashkil etish hamda oʻtkazish)da koʻrsatilgan jinoyatni sodir etgan shaxs yetti yilgacha ozodlikdan maxrum qilish bilan jazolanadi.

Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech