15 Noyabr 2023 yil 19602

Farg‘ona viloyati “Namunali patrul-post xizmati xodimi” va “Namunali patrul-post xizmati qism komandiri” ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichiga mezbonlik qilmoqda

Ma’lumki, Jamoat tartibini saqlash va patrul-post xizmati saf bo‘linmalari ichki ishlar organlarining ajralmas qismi bo‘lib, so‘nggi yillar mobaynida jamoat tartibini saqlash va jamoat xavfsizligini ta’minlash, sodir etilayotgan jinoyatlarni issiq izidan fosh etishda o‘zining beqiyos qirralarini namoyon etib kelmoqda.

Bugungi kunda sohaga jahon tajribasini tatbiq etish, rivojlangan davlatlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlari patrul-post xizmatlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish borasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.

Shu bilan birga, xodimlarning kasbiy mahoratini oshirish, jismoniy va jangovar tayyorgarligini yuksaltirish masalasiga ham katta e’tibor qaratilmoqda.

Ana shu  e’tiborning yorqin namunasi sifatida  an’anaviy tarzda tashkil etilayotgan “Namunali patrul-post xizmati xodimi” va “Namunali patrul-post xizmati qism komandiri” ko‘rik-tanlovining Respublika bosqichi bu yil Farg‘ona shahrida yuqori ko‘tarinkilikda tashkil etilyapti.

Tanlovning ochilish marosimida Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, generel-mayor Azizbek Ikramov hamda  Ichki ishlar vazirligining mutasaddi rahbarlari so‘zga chiqib, barcha ishtirokchilarga omad va zafarlar tiladi.

 Uch kun davom etadigan tanlovni yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida viloyatimizda puxta tayyorgarlik ishlari olib borilgan bo‘lib, ayni kunda reja asosida barcha shart va yo‘nalishlar bo‘yicha bellashuvlar o‘tkazilmoqda. Qoraqalpog‘iston respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardan yetib kelgan ishtirokchilar yuqori kayfiyat bilan g‘oliblik uchun bahslarga bel bog‘ladilar.

Ko‘rik-tanlovning borishi va tafsilotlari haqida kelgusi dasturlarimizda batafsil xabar beramiz.

Farg‘ona viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech