Mustaqilligimizning 32 yilligi bayrami munosabati bilan Fargʻona viloyati ichki ishlar boshqarmasida bir guruh soha fidoyilari taqdirlandi
Mustaqillik – eng buyuk ne’mat, asriy orzularimizning roʻyobidir. Uni koʻz qorachigʻidek asrash esa barchamizning muqaddas burchimiz sanaladi.
Mustaqillik yillarida koʻhna tariximiz, boy merosimiz, milliy davlatchiligimiz, urf-odat va an’analarimiz qayta tiklandi.
Bugungi kunda mehr-oqibat, bagʻrikenglik, hamjihatlik kabi olijanob fazilatlar, milliy va umumbashariy qadriyatlarga hurmat, Vatan taqdiri va kelajagiga daxldorlik tuygʻusi barcha yurtdoshlarimizning yuragidan mustahkam joy olgan.
Shu kunlarda “Yangi hayot uchun, yangi Oʻzbekiston uchun” shiori ostida keng nishonlanayotgan mustaqilligimizning 32 yillik bayrami barcha hududlarda, mehnat jamoalarida katta tantana qilinmoqda.
Bayram munosabati bilan Fargʻona viloyat ichki ishlar boshqarmasida tashkil etilgan bayram tadbirida ham mustaqillik va hurlik, tinchlik va osoyishtalik ne’matlari yana bir bor yodga olindi.
Shu ne’matni asrashda samarali xizmat qilayotgan, professional kasbiy mahoratini namoyon etib, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga munosib hissa qoʻshib kelayotgan ichki ishlar organlari xodimlarining fidoyi xizmati e’tirof etildi.
Tadbirda viloyat IIB boshligʻi, general-mayor Azizbek Ikramov ishtirok etib, barcha safdoshlarni mustaqillik bayrami bilan samimiy muborakbod etdi.
Tadbir tantanali taqdirlash marosimiga ulanib ketdi. Ichki ishlar vazirligi, shuningdek, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻining tegishli buyrugʻi bilan taqdirlangan soha xodimlariga mukofotlar tantanali ravishda topshirildi.
Oʻz oʻrnida taqdirlangan xodimlar soʻzga chiqib, koʻrsatilgan e’tibor uchun vazirlik hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi rahbariyatiga samimiy minnatdorchilik bildirdilar va berilgan mukofotga munosib tarzda xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilishga soʻz berdilar.
Mustaqilligimizning 32 yillik bayrami arafasida oʻtkazilgan ushbu tadbir va berilgan mukofotlar soha xodimlari qalbidagi vatanga muhabbat, kasbga sadoqat tuygʻularini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.