27 Noyabr 2023 yil 2110

Fargʻona viloyati IIB rahbariyati tashabbusi bilan  profilaktika inspektori lavozimiga yangi tayinlangan yosh xodimlarga faxriylardan murabbiylar biriktirildi

Fargʻona viloyati ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan yosh xodimlarni kasbga sadoqat ruhida tarbiyalashda “ustoz-shogird” an’anasidan samarali foydalanilmoqda. Bu borada viloyat ichki ishlar boshqarmasi Faxriylar kengashi a’zolarining tajribalari juda qoʻl kelmoqda.

Joylarda uch avlod urashuvlarini tashkil etish orqali ustozlarning boy amaliy tajribasi yoshlar ongiga chuqur singdirilmoqda.

Shu kunlarda Fargʻona viloyati IIB rahbariyati tashabbusi bilan  profilaktika inspektori lavozimiga yangi tayinlangan yosh xodimlarga faxriylardan murabbiylar biriktirilgani ham mazkur an’analarning bardavom ekanidan dalolat beradi.

Fargʻona  shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi majlislar zalida tashkil etilgan tadbirda shu kunlarda sohada ish boshlagan yosh xodimlar va ularga murabbiy sifatida biriktirilgan faxriylar ishtirok etishdi.

Tadbirda soʻz olgan viloyat IIB Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati rahbariyati yosh xodimlarga faxriylardan murabbiylar biriktirishdan koʻzlangan asosiy maqsad haqida tushunchalar berdi.

Ta’kidlanganidek, endilikda biriktirilgan murabbiylar yosh xodimlarga oʻz hayotiy tajribalarini muntazam oʻrgatib boradilar. Jumladan, vatanga muhabbat, kasbga sadoqat, ustozlarga hurmat, fuqarolar bilan qanday muomala qilish, halollik kabi tushunchalarda oʻgit va maslahatlar berishadi.

Bundan tashqari, yosh inspektorlar biriktirilgan faxriylar bilan hamkorlikda mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi kriminogen vaziyatni muntazam ravishda oʻrganib,  tahlil qilib, huquqbuzarliklarni aniqlash va ularga barham berish boʻyicha qonunchilikda belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshiradi. 

Faxriylar oʻzlarining boy tajribasidan kelib chiqqan holda oʻziga biriktirilgan yosh xodimlarga xizmat koʻnikmalarini shakllantirish  IIVning me’yoriy buyruq talablari asosida xizmat olib borishlarini ta’minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida murabbiy sifatida doimiy ravishda koʻmaklashib turadilar.

Biriktirilgan mahalla fuqarolar yigʻini hududida jamoat tartibini saqlashga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish, «Fidokor yoshlar» jamoatchilik patrul guruhlari faoliyatini  tashkil etish  ham ustuvor maqsadlardan biri sanaladi.

Uchrashuvda shu kabi  muhim masalalar yuzasidan oʻzaro fikr almashildi. Kelgusida jinoyatchilikni \jilovlashda “Ustoz-shogird” an’anasidan samarali foydalanishga kelishib olindi.

Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech