17 Sentyabr 2024 yil 2242

Farg‘ona viloyati IIB boshlig‘i, general-mayor Azizbek Ikramov tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda 3-sektor faoliyati tahlil qilindi

Xabaringiz bor, joriy yilning 11 sentabr kuni Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida kambag‘al oilalarni bunday holatga tushib qolish sabablarini aniqlash va ularning daromadini oshirib, kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab berilgan edi.

Ushbu yig‘ilishda belgilangan vazifalar ijrosidan kelib chiqib, viloyat IIB boshlig‘i, general-mayor Azizbek Ikramov tomonidan 3-sektor faoliyati tahliliga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda qayd etilganidek, viloyat 3-sektorlarida 279 ta mahalla mavjud bo‘lib, 1 million 65 ming nafardan ortiq fuqarolar istiqomat qiladi.  

Davlatimiz rahbarining 2019 yil 8 yanvardagi “Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra viloyatdagi barcha 3 sektorlarda ishchi guruhlari tuzilgan edi.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, so‘nggi vaqtlarda sektor shtabi ishchi guruhlarining faoliyati ancha susaytirib yuborilgan. Faqatgina Rishton, Oltiariq va Buvayda tumanlarida  sezilarli ijobiy ishlar ko‘zga tashlandi xolos.

Yig‘ilishda endilikda, sektorga biriktirilgan ishchi guruhlari bilan yangicha yondashuv asosida ish tashkil etilishi ma’lum qilindi.

Bundan tashqari, “Sayhunobod”, “Zarbdor”, “Uychi” va “G‘ijduvon” tajribalarini keng joriy etish borasidagi ishlar ahvoli ham muhokama qilindi. 3-sektor hududidagi kambag‘al oilalar bilan ishlashda asosiy e’tibor qaratilishi zarur bo‘lgan masalalar xususida so‘z yuritildi.

Joylarda quyosh panellarini o‘rnatish borasida olib borilayotgan ishlar va murojaatlar bilan ishlash holati ham chuqur tahlil qilinib,  mutasaddi rahbar va xodimlar oldiga aniq vazifalar belgilab berildi.

Farg‘ona viloyati IIB Axborot xizmati.

Text to speech