Viloyat ichki ishlar organlari xodimlaridan bir guruhi oila a’zolari bilan birgalikda Fargʻona shahridagi hayvonot bogʻiga sayohat qilishdi
Xizmat vazifasidan toliqqan xodimlarning oila davrasida hordiq chiqarishi, farzandlari bilan turli xushmanzara joylarga sayohat qilishlari ulardagi ishchanlik kayfiyatini yanada oshirishi tabiiy hol.
Madaniy hordiq olish uchun esa yurtimizda juda koʻplab teatr va muzeylar, istirohat hamda hayvonot bogʻlari borki, ularga sayohat qilish uchun alohida vaqt ajratish zarur.
Ichki ishlar organlarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasida ham soha xodimlari uchun ana shunday sayohatlar tashkil etish masalasiga e’tibor berilgan.
Ushbu konsepsiya talablaridan kelib chiqib, Fargʻona viloyati IIB Ma’naviy-ma’rifiy ishlar va kadrlar bilan ta’minlash xizmati tashabbusi bilan turli koʻngilochar tadbirlar tashkil etilmoqda.
Yurt posbonlari va ularning oila a’zolari uchun navbatdagi sayohat Fargʻona viloyati hayvonot bogʻiga uyushtirildi.
Xodimlar oila a’zolari va farzandlari bilan birgalikda mazkur bogʻda maroqli dam oldilar. Bu yerdagi noyob hayvonlar va qushlarning saqlanish jarayoni, yashash tarzi, attraksionlardagi qiziqarli tomoshalar, ayniqsa, posbonlarning farzandlariga olam-olam zavq ulashdi.
Bunday sayohatlar tabiat va inson oʻrtasidagi oʻzaro mehr rishtalarini bogʻlashga, insonlarning hayvonot olamiga boʻlgan e’tiborini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Sayohat yakunida soha xodimlarining farzandlari tadbirni tashkil etgani uchun viloyat ichki ishlar boshqarmasi rahbariyatiga minnatdorchilik bildirishdi.