Fargʻonadagi “Samo” majmuasida “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida sportning voleybol turi boʻyicha oʻgʻil bolalar oʻrtasida Ichki ishlar vaziri kubogi “B”-liga musobaqalarining Respublika final bosqichi oʻtkazildi
Barchamizga yaxshi ma’lumki, Davlatimiz rahbari tomonidan hududlarda yoshlar bandligini ta’minlash, ular oʻrtasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish maqsadida 5 bosqichli “Besh tashabbus olimpiadasi” amaliyotga joriy etilgan.
Mazkur sport musobaqalarining mahalla, sektor, tuman-shahar hamda viloyat boschiqlari yuqori koʻtarinkilikda oʻtkazilib, eng mohir sportchilar Respublika final bosqichiga yetib kelishdi.
Quvonarlisi shundaki, Fargʻonadagi “Samo” majmuasi voleybol sport musobaqalarining oʻgʻil bolalar oʻrtasidagi B-liga Respublika final bosqichiga mezbonlik qildi.
Mazkur sport musobaqasida respublikamizning barcha viloyatlaridan 23 nafar trener-murabbiylar hamda 268 nafar sportchilar ishtirok etdilar.
Qizgʻin va murosasiz ruhda kechgan final bosqichining yakuniy natijalariga koʻra 16-21 yosh toifasi boʻyicha Namangan viloyati, Uychi tumanidagi “Ittifoq” MFY yoshlari, 22-26 yosh toifasi boʻyicha Samarqand viloyati, Samarqand shahar, “Shukrona” MFY yoshlari faxrli birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi.
Musobaqada yuqori oʻrinlarni qoʻlga kiritgan barcha jamoalar va mohir sportchilar Fargʻona viloyati ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati ishtirokida Vazir kubogi, diplom, medal hamda qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Bu kabi sport tadbirlari yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli oʻtkazish bilan birga, ular oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish hamda vatanparvarlik hissini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati