4 Sentyabr 2024 yil 8513

Bilimlar kuni tadbirlarida general-mayor Azizbek Ikramov ham ishtirok etdi

Yozgi ta’til ham tugab, boalar intiqib kutilgan yangi o‘quv yili mavsumi ham boshlandi. Bu yil 1-sinfga qabul qilingan jajji bolajonlar ko‘ngillarida bir olam zavq bilan maktab atalmish ulug‘ dargohga kirib keldilar.

Darhaqiqat, “Yoshlikda olingan bilim toshga o‘yilgan naqsh kabidir”, deyiladi. Zero, ushbu ulug‘ dargohlarda olingan bilimlar yoshlarning ertangi istiqbolini belgilaydi. Jamiyatga kerakli va yetuk inson bo‘lib kamol topishlariga ilk poydevor bo‘lib xizmat qiladi.

Viloyatimizda ham Bilimlar kuni tadbirlari katta ko‘tarinkilikda o‘tkazildi.

Qo‘qon shahrida o‘tgan ana shunday anjumanlarda viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, general-mayor Azizbek Ikramov ham ishtirok etdi.

Bilimlar kuni tadbiri davlatimiz madhiyasi sadolari bilan boshlandi.

Boshqarma boshlig‘i o‘quvchilarni Mustaqillik bayrami va Yangi o‘quv yilining bilan samimiy qutlab, boshlanayotgan o‘quv yilida ham ularning yuksak marralarni egallashlariga, fan sirlarini qunt bilan o‘zlashtirishlariga ishonch bildirdi. Mazkur jarayonda yoshlarga ta’lim va tarbiya berib kelayotgan pedogog-xodimlarning sharafli va mashaqqatli faoliyatiga muvaffaqiyat tiladi.

Tadbir davomida o‘quvchilar tomonidan sahna ko‘rinishlari namoyish qilindi. Yangragan she’r va qo‘shiqlar ushbu tadbirga o‘zgacha fayz kiritdi.

Qo‘qon shahridagi mazkur 1-sonli umumta’lim maktabida ham yoshlar uchun barcha qulayliklar yaratilgan, innovatsion texnologiyalar joriy qilingan. Sinf xonalari kuzatuv kameralari bilan jihozlangan va cituatsion markazga integratsiya qilingan. Boshqarma boshlig‘i mazkur imkoniyatlar bilan tanishib, undan samarali foydalanish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini berdi.

Shuningdek, shahardagi bir qator maktablardagi ana shunday tadbirlar ishtirok etdi. O‘g‘il-qizlar bilan suhbat qurdi. Yoshlarni hamisha hamjihat bo‘lishga, o‘qib izlanishga, Vatanni sevishga, tinchlik va osoyishtalikni qadrlashga, til o‘rganishga, xalqimizning boy o‘tmishi va tarixida xabardor bo‘lishga chorladi. 1 sinf o‘quvchilariga Prezident sovg‘alarini topshirdi.

Darhaqiqat, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ta’limni va inson kapitalini rivojlantirish asosiy vazifalardan biri sifatida o‘rin olgan.

Zero, farzandlari bilimli yurtning kelajagi ham buyuk bo‘ladi. O‘ylaymizki, katta orzu istaklar debochasi hisoblangan bugungi bilimlar kuni tadbirlari yoshlarning o‘g‘il-qizlarning xotirasiga muhrlanib, ularni yangi imkoniyatlar va muvaffaqiyatlarga yetaklaydi.

Farg‘ona viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech