31 Oktyabr 2023 yil 1086

«Besh tashabbus olimpiadasi» doirasida mahalla yoshlari oʻrtasida sportning voleybol turi boʻyicha “Ichki ishlar vaziri kubogi” musobaqalarining viloyat bosqichi koʻtarinki ruhda oʻtkazildi

Joriy yilning 30-oktabr kuni Fargʻona shahrida «Besh tashabbus olimpiadasi» doirasida mahalla yoshlari oʻrtasida sportning voleybol turi  boʻyicha “Ichki ishlar vaziri kubogi” musobaqalarining  viloyat bosqichi boʻlib oʻtdi.

Mazkur nufuzli musobaqada viloyatimizning barcha shahar-tuman  bosqichlarida gʻolib boʻlgan mahalla jamoalari ishtirok etishdi.

16 yoshdan 21 yoshgacha boʻlgan  sportsevar yoshlarni oʻzida birlashtirgan bellashuvlar qizgʻin va murosasiz kurashlar bilan tomoshabinlar olqishiga sazovar boʻldi.

Natijada eng mohir va chaqqon sportchilardan tarkib topgan jamoalar shohsupaning yuqori pogʻonasini egalladi.

Jumladan, oʻgʻil bolalar oʻrtasidagi bahslarda Toshloq tumani voleybolchilari faxrli birinchi, Quvasoy shahri hamda Qoʻshtepa tumani jamoalari  ikkinchi va uchinchi oʻrinlarni qoʻlga kiritdi.

Qizlar  oʻrtasidagi bellashuvlarda Fargʻona tumani jamoasi 1 oʻrin sohibiga aylangan boʻlsa, Qoʻshtepa  hamda Beshariq tumani jamoalariga 2 hamda uchinchi oʻrinlar nasib etdi.

Gʻolib jamoalarga viloyat ichki ishlar boshqarmasi  hamda yoshlar siyosati va sport boshqarmasi tomonidan esdalik sovgʻalari topshirildi.

Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech