28 Noyabr 2023 yil 2335

General-mayor Azizbek Ikramov viloyatimizning eng chekka hududi Beshariq tumanida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish yoʻnalishida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi

Dastlab boshqarma boshligʻi tuman IIB ma’muriy binosida boʻlib, xodimlarning xizmat faoliyatini olib borishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar, kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati hamda ijrochilik intizomi bilan tanishdi.

Bevosita mahallalar kesimida oʻrganishlar davom ettirilib, tumandagi "Hamid Olimjon" MFYga xizmat koʻrsatuvchi profilaktika katta inspektori xizmat xonasida mahalla beshligi bilan uchrashuv oʻtkazildi. Mahallada jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, aholi farovonligini ta’minlash yoʻnalishida amalga oshirilayotgan ishlar oʻrganildi.

Mazkur mahalladagi 2-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida bolalar tarbiyasiga e’tibor, qishki mavsumni betalofat oʻtkazish boʻyicha koʻrilgan chora-tadbirlar ham boshqarma boshligʻi e’tiboridan chetda qolmadi.

Tadbir doirasida muqaddam sudlangan A.Qodirovning yashash xonadonida boʻlinib, uning onasi bilan suhbatlashildi. Farzandini sogʻlom turmush tarziga qaytarish uchun barcha birdek mas’ul ekanligi ta’kidlandi.

Tashrif davomida boshqarma boshligʻi Obod MFYga xizmat koʻrsatuvchi profilaktika inspektori, kapitan M.Qurbonovning xizmat uyiga ham tashrif buyurdi. Xodimning oilaviy sharoitini oʻrgandi. Ushbu oila sohibasi N.Qurbonova trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan. U ishlab chiqargan mahsulotlar koʻzdan kechirildi.

Shuningdek, general-mayor A.Ikramov Beshariq tumanining Tojikiston Respublikasi bilan chegarasidagi  "Andarxon" chegara postiga ham tashrif buyurdi. Mas’ul hodimlar bilan maskanda amalga oshirilayotgan ishlar oʻrganildi.

Xabaringiz bor, viloyatimizda “Dolzarb 40 kunlik” profilaktik tadbirlari oʻtmoqda. 

Boshqarma boshligʻi tuman IIBda tashkil etilgan tungi yoʻriqnomada ishtirok etib, tadbir doirasida amalga oshirilishi zarur boʻlgan chora-tadbirlar, hududda kriminogen vaziyat barqarorligini ta’minlash kabi bir qator yoʻnalishlarda xodimlarga kerakli topshiriqlar berdi.

Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech