25 Noyabr 2023 yil 2182

Quva tumanini ishsizlik va jinoyatdan  holi hududga aylantirish maqsadida  «Ayolga e’tibor-millatga e’tibor» shiori ostida tadbir  va ochiq mehnat yarmarkasi tashkil etildi

Davlatimiz rahbarining joriy yil boshida Fargʻona viloyatiga tashrifidan soʻng  viloyatimizni jinoyatchilikdan holi hududga aylantirish maqsadida bir qator profilaktik ishlar amalga oshirilmoqda. 

Jumladan, viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshligʻining farmoyishiga asosan alohida e’tibor qaratilishi lozim boʻlgan shaxslar  bilan ijtimoiy profilaktik ishlarni amalga oshirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Shu  maqsadda hamkor tashkilotlar bilan birgalikda  Quva tumanida «Ayolga e’tibor - millatga e’tibor» shiori ostida tadbir tashkil etildi. 

Ushbu tadbirga tumandagi ichki ishlar, mahalla va sogʻliqni saqlash muassasalarida roʻyxatda turuvchi, alohida e’tibor qaratilishi lozim boʻlgan ayollar taklif etilib, mutaxassislar tomonidan kerakli huquqiy, psixologik va tibbiy yordamlar koʻrsatildi. Madaniy hordiq chiqarishlari uchun sharoitlar yaratildi. 

Quva tumanini ishsizlik va jinoyatdan  holi hududga aylantirish maqsadida  viloyat kasaba uyushmasi, tuman hokimligi oila va xotin-qizlar boʻlimi hamda tuman ichki ishlar boʻlimi bilan hamkorlikda  tashkil qilingan ochiq mehnat yarmarkasi ham ana shunday tadbirlarning uzviy davomidir.

Yarmarkaga vaqtincha ishsiz va ishlash istagini bildirgan xotin-qizlar jalb qilinib, hozirda ishchi oʻrini mavjud boʻlgan  “Altindag‘‘ MCHJ ga sayohat tashkil etildi. 

Tekstil ish boshqaruvchisi tomonidan  ishchilariga yaratilgan shart -sharoitlar, bepul transport vositasi va tushlik joriy qilinganligi, ish tartiblari tushuntirildi. Ayollar mehnat sharoitlari bilan yaqindan tanishdilar va oʻzlari qiziqqan savollarga javob oldilar. 

Mutaxassis-psixolog tomonidan ayollarning ish bilan band boʻlishi oilaga va jamiyatning ma’naviy, moddiy muhitiga katta ijobiy ta’sir qilishi toʻgʻrisida oʻtkazilgan  trening ishtirokchilardagi ishlash istagini yanada kuchaytirdi. 

Shu yerning oʻzida 20 nafar ishlash istagini bildirgan ayollar roʻyxati shakllantirib olindi.

Bu kabi tadbirlar, albatta, viloyatimizni ishsizlik va jinoyatdan  holi hududga aylantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Fargʻona viloyati IIB Axborott xizmati

Text to speech