Adabiyot bayramida viloyat ichki ishlar organlari xodimlari ham faol ishtirok etishmoqda
Fargʻona viloyati hokimining tegishli farmoyishiga koʻra joriy yining 9-noyabridan 11-noyabr kuniga qadar viloyatimizda “Adabiyot bayrami” koʻtarinki ruhda oʻtkazilmoqda.
Quvonarlisi shundaki, tashkil etilayotgan tadbirlarda adabiyot va badiiy ijodga mehri baland boʻlgan ichki ishlar organlari xodimlari ham munosib ishtirok etishmoqda.
Jumladan, Qoʻqon shahar musiqali drama teatrida Zavqiy tavalludining 170 yilligi, Husayin Shams tavalludining 120 yilligi, Amin Umariy tavalludining 110 yilligi bagʻishlangan xotira kechalari, taniqli ijodkor Kommuna Olimova tavalludining 90 yilligiga bagʻishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir boʻlib oʻtdi.
Ushbu tadbirlar ham bevosita ichki ishlar organlari xodimlarining faolligida oʻtkazildi.
Tadbirda Fargʻona viloyati hokimi maslahatchisi Sohibjamol Tongotarova viloyat hokimining, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi boʻlim boshligʻi Farogʻat Xudoyqulova uyushma raisi Sirojiddin Sayyidning tabriklarini yigʻilganlarga oʻqib eshittirdilar.
Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari Nurboy Jabborov, ustoz ijodkorlar Muhtarama Ulugʻova, Farogʻat Xudoyqulova, Nosir Zohidlar soʻzga chiqib, tavallud sanalari nishonlanayotgan adiblar ijodining oʻziga xos jihatlari haqida toʻxtalib oʻtdilar.
Tadbir soʻnggida ichki ishlar organlari xodimlari 90 yilligi munosib nishonlangan ustoz ijodkor Kommuna Olimovaga sovgʻalar taqdim etishdi.
Adabiyot bayrami doirasida Qoʻqon shahar musiqali drama teatri ijodkorlari tomonidan sahnaga olib chiqilgan “Zavqiy” spektakli ham yurt posbonlariga juda manzur boʻldi.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati