O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 47-son Farmoyishiga asosan Farg‘ona viloyati hududida huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda “Tozalash” kompleks tezkor-profilaktik tadbirlari o‘tkazilmoqda
Farmoyish ijrosini ta’minlash yuzasidan Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari boshchiligidagi ishchi guruh viloyatda o‘rganish ishlarini olib bormoqda.
Respublika hududida “Tozalash” kompleks tezkor-profilaktik tadbirlarini o‘tkazish to‘g‘risidagi Ichki ishlar vazirining farmoyishi ijrosi yuzasidan dastlabki o‘rganish ishlari Farg‘ona viloyatida olib borilmoqda.
10 fevral kuni Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari va viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i tomonidan sohaviy xizmatlar hamda shahar-tuman IIB rahbarlari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “2025 yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2025 yil 3 yanvardagi PQ-1-son qaror mohiyatini yetkazish va uni ijrosini ta’minlash, Ichki ishlar vazirining farmoyishi ijrosi hamda uning maqsad va vazifalari haqida batafsil tushuntirildi.
Farg‘ona shahrida tungi xizmatga jalb etilgan jamoat xavfsizligi va huquqbuzarliklar profilaktikasiga mas’ul bo‘lgan saf bo‘linmalari hamda hamkor huquqni muhofaza qilish organlari ishtirokida xizmat oldi yo‘riqnomasi o‘tkazildi.
Unda ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari qatnashib, xizmatga jalb etilgan har bir xodimga yuklatilgan mas’uliyatli vazifalar haqida to‘xtalib o‘tdi hamda fuqarolar bilan xushmuomalada bo‘lish, xizmat intizomi va qonunchilikka qat’iy rioya qilish borasida xodimlarga zaruriy ko‘rsatmalarni berdi.
Shuningdek, Farg‘ona shahrining “Abdulla Qodiriy” va “Oybek” mahallalarida yangi tashkil etilayotgan huquq-tartibot maskanlarida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishildi. Yana bir kriminogeni vaziyati og‘ir hisoblangan “Mash’al” mahallasi yettiligi bilan uchrashib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-1-son qarorining mahalladagi ijrosi o‘rganildi hamda mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
“Tozalash” kompleks tezkor-profilaktik tadbirlari Farg‘ona viloyatining barcha hududlarida davom ettiriladi.