18 Dekabr 2021 yil 9301

2022/2023-o‘quv yilidan boshlab Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining kunduzgi ta’lim bakalavriatiga Respublikamizning barcha hududlaridagi o‘rta umumta’lim maktablari bitiruvchilari hamda o‘rta-maxsus ma’lumotga ega talabgorlar qabul qilinadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 29-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash va uni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-27-son farmoniga binoan, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining kunduzgi ta’lim bakalavriyatiga nomzodlarni qabul qilishda umumiy kvotaning 10 foizi o‘rta umumta’lim maktablari bitiruvchilari hamda o‘rta maxsus ma’lumotga ega fuqarolarga, 90 foizi idoraviy akademik litseylar, harbiy akademik litseylar bitiruvchilari, Ichki ishlar organlari xodimlari hamda profilaktika (katta) inspektorining jamoat tartibini saqlash bo‘yicha yordamchilariga ajratiladi.

Amaldagi tartibga ko‘ra, nomzodlarning yoshi 17 dan kichik va 25 dan katta bo‘lmasligi, yigitlarning bo‘y-basti 165 santimetrdan, qizlarniki 160 santimetrdan past bo‘lmasligi shart.

IIV Akademiyasiga o‘qishga kirish istagida bo‘lgan yoshlar doimiy yashash joyidagi hududiy Ichki ishlar organlari kadrlar bilan ta’minlash bo‘linmalariga ariza bilan murojaat qilishlari mumkinligini ma’lum qilamiz.

Arizalar  2022 yilning 15 fevral kuniga qadar qabul qilinadi.

 

FARG‘ONA VILOYATI IIB KASBIY TAYYORGARLIK BO‘LIMI

Text to speech