Viloyatimizda kibermakonda sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish haftaligi oʻtkaziladi
Fargʻona viloyati hokimining 2023 yil 8 fevral kunidagi tegishli qarori bilan 13 fevral kunidan 19 fevral kuniga qadar “Kibermakonda sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish haftaligi (Cyber-Week)” oʻtkazilishi belgilandi.
Viloyatimizda kiberjinoyatlarning oldini olish hamda aholining virtual muhitdagi kibertahdidlardan ogohligini oshirish maqsadida tashkil etilayotgan haftalik doirasida boʻlib oʻtadigan tadbirlarni samarali tashkil etilish va muvofiqlashtirish maqsadida viloyat ishchi guruh tuzilib, kompleks targʻibot-tashviqot tadbirlari rejasi hamda oʻtkaziladigan tanlovlar nizomi ishlab chiqildi.
Tadbirlar rejasiga koʻra, aholi oʻrtasida bank karta kodini oshkor etish orqali pul mablagʻlari talon-toroj qilinishi, shaxsiy maʼlumotlarni internet tarmogʻida begona shaxslarga taqdim etish oqibatida yuzaga kelayotgan va boshqa jinoyatlarning ogʻir oqibatlaridan xabardor qilishga qaratilgan tushuntirish ishlari, targʻibot va tashviqot tadbirlari tashkil etiladi.
Jumladan, haftalik davomida “Kiberxavfsizlik bilimdonlari” intellektual oʻyini oʻtkaziladi. “10 ta eng yaqinim” va “Biz bir oilamiz” xeshtegi ostida ijtimoiy tarmoqlarda chellenjlar uyushtiriladi. Blogerlar oʻrtasida “Eng yaxshi kontent” tanlovini tashkil qilinadi.
Shuningdek, taʼlim muassasalaridagi yoshlar, ijodiy faoliyat bilan shugʻullanuvchi aholi oʻrtasida kiberjinoyatlarga qarshi kurashishni targʻib qiluvchi “Eng yaxshi monolog”, “Eng yaxshi insho”, “Eng yaxshi sheʼr” tanlovlarini oʻtkazish ham belgilandi.
Bulardan tashqari, “Bank kartasi kodini hech kimga bermayman” shiori ostida katta yoshdagi aholi vakillari, nafaqaxoʻrlar ishtirokidagi targʻibot materiallari (video, foto) tanlovi, tibbiyot xodimlari oʻrtasida “Internet tarmogʻidan xavfsiz foydalanaman” shiori ostida videoroliklar tanlovi, mahallalar oʻrtasida kiberjinoyatlarga qarshi kurashishni targʻib qiluvchi “Eng yaxshi mahalla” tanlovini oʻtkazish ham koʻzda tutilgan.
Fuqarolarimizni mazkur haftalikda faol ishtirok etishga chaqiramiz!
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati