Fargʻona viloyati ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati tashabbusi bilan Qoʻqon shahridagi voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazida ma’naviy-ma’rifiy tadbir hamda ekskursiya tashkil etildi
Mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, nazoratsizlik va e’tiborsizlik oqibatida huquqbuzarlik koʻchasiga qadam qoʻygan va hayot yoʻllarida adashagan yoshlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatishga alohida e’tibor qaratilgan.
Qoʻqon shahridagi voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam koʻrsatish markazida ana shu toifadagi yoshlar tarbiyalanadi.
Viloyat ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati tashabbusi bilan markazda ma’naviy-marifiy tadbir tashkil qilindi. Boshqarma boshligʻi, polkovnik Muhiddin Joʻrayev yoshlar bilan uchrashib, samimiy muloqot oʻtkazdi. Ularni ilm olishga, koʻproq kitob oʻqishga chorladi.
Shu kuni oʻgʻil qizlarga qishki-kiyim kechaklar va madaniy hordiq chiqarishlari uchun karaoke jamlanmasi sovgʻa qilindi.
Mazali tushlikdan soʻng esa, tarbiyalanuvchilar sayohatga otlandilar.
Rishton tumanidagi tuyaqushchilikka ixtisoslashgan “Stras xaus”da bolalar unutilmas taassurot oldilar. Ushbu jonivorlarning parvarish qilinishi, yashash tarzi haqidagi qimmatli ma’lumotlarga ega boʻlishdi.
Fargʻona viloyati qoʻgʻirchoq teatrida boʻlgan sayohatchilar “Karvonsaroy” spektakli tomosha qildilar. Ezgulik, vatanparvarlik, odob-axloq tushunchalari yoshlar qalbiga singdi.
Oʻlkashunoslik muzeyiga uyushtirilgan sayohat ham mazmunli kechdi. Viloyatimizning boy oʻtmishi, ajdodlarimiz qoldirgan osori atiqalar, yoshlarning tarixiy bilimlarini boyitishda muhim omil boʻldi.
Shuningdek markaz tarbiyalanuvchilari Fargʻona shahridagi hayvonot bogʻida ham boʻlib, hayvonot olamining oʻziga hos na’munalarini oʻz koʻzlari bilan koʻrib, bir olam xayrat hamda hayajonga tuydilar.
Kechgi ovqatdan soʻng oʻgʻil-qizlar markazga qaytishib, oʻz taassurotlarlari haqida bir-birlari bilan oʻrtoqlashdilar. Qaraokeda qoʻshiq kuylab, oʻyin kulgu qilishdi.
Darhaqiqat, bola koʻngli nozik. U yosh bir niholga oʻxshaydi. Vaqtida e’tibor berib, ilm va ma’rifat suvi bilan sugʻorilsa, kelajakda komil inson boʻlib voyaga yetadi. Bu kabi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda sayohatlar esa ularni ezgu fazilatlar ruhida tarbiyalashga xizmat qilishi shubhasiz.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati