3 Dekabr 2021 yil 399

Fargʻona tumanida xonadondan "Redmi 7А” rusumli uyali telefon apparatini oʻgʻirlagan ayol qoʻlga tushdi

Fargʻona tumani. 26-noyabr kuni Shoximardonobod MFY hududida yashovchi M.A ismli ayol IIBga murojaat qilib, unda 23-noyabr kuni noma’lum shaxs yashash xonadoniga gʻayriqonuniy ravishda kirib, xonadonidan narhi 1.500.000 soʻmlik “Redmi 7А” rusumli uyali telefon apparatini yashirin ravishda oʻgʻirlaganligini ma’lum qilgan.

Mazkur holat yuzasidan Fargʻona tumani IIB huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi «g» bandi (oʻgʻirlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.

Olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni T.D ismli ayol sodir etganligi aniqlanib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismida koʻrsatilgan jinoyatni sodir etgan shaxs besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Hurmatli fuqarolar, oʻz mol-mulkingiz, pul mablagʻlaringizni ehtiyot qiling! Bu bilan oʻgʻirlik jinoyatlarining oldini olishga hissa qoʻshgan boʻlasiz.

Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech