11 Mart 2020 yil 980

Tez orada Fargʼona viloyati IIB faoliyatida “102” tizimi joriy etiladi

   Fargʼona viloyatida ilk bor Toshkent shahri tajribasi asosida faoliyati yoʼlga qoʼyilishi rejalashtirilayotgan «102» tizimi jinoyat va hodisalar haqidagi xabarlarni qabul qilish va qayd etishning avtomatlashtirilgan axborot tizimidir.
   Mazkur loyihaning ishga tushirilishi bilan Fargʼona viloyatida markazlashgan maʼlumotlar qabul qilish tarmogʼi vujudga keladi.
   Tizim orqali fuqarolar sodir boʼlgan voqelik, xabar yoki murojaatni nafaqat qoʼngʼiroqlar orqali, balki, SMS, internet tarmogʼi, «SOS» xabarlari va boshqa manbalardan tezkor tarzda yuborishi mumkin.
   24 soat mobaynida uzluksiz faoliyat olib boruvchi “102” tizimi oʼz faoliyatida inson omilining aralashuviga chek qoʼyadi.
   Vaqt va harakat tejalishi ortidan esa, ogʼir oqibatlarni keltirib chiqaruvchi salbiy holatlarni oldi olinadi.
   Uning imkoniyatlaridan foydalanib, kuch va vositalarning toʼgʼri taqsimlanishi natijasida jinoyatlarning issiq izida fosh etilishiga hamda fuqarolarning buzilgan huquqlarini tez fursatda tiklanishiga erishiladi.
  Tizim bir paytning oʼzida uch mingtagacha murojaatni qabul qilish imkoniyatiga ega. Аgarda tizim band boʼlib, fuqaro oʼz murojaatini yoʼllash imkoniyati boʼlmagan taqdirda ham avtomatik tarzda tizimning oʼzi fuqaroga qoʼngʼiroq qiladi.
   Fuqarolar bilan ijtimoiy hamkorlik oʼrnatilib, ortiqcha ovoragarchiligiga hojat qolmaydi.
   Sababi, har bir holat tegishli tartibga roʼyhatga olinadi va uning muallifiga javob qaytariladi.
  Bir soʼz bilan aytganda, Fargʼona viloyatida “102” tizimining ishga tushirilishi, eng avvalo, hamyurtlarimizning Ichki ishlar organlariga yanada yaqinlashtirib, oʼzaro qulay va sogʼlom muxit yaratadi.
  Koʼpgina rivojlangan davlatlar tajribasi asosida amaliyotga tadbiq etilayotgan loyiha, axborot texnologiyalari rivojlanib borayotgan davrda jamiyatimizda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni barvaqt oldini olish, unga qarshi kurashish, aholi murojaatlari bilan ishlashda yangi davrni boshlab berishi aniq.
   Hozirda tizimni Fargʼona viloyati IIB faoliyatiga joriy etish boʼyicha dastlabki qadamlar tashlandi. Аmaliy ishlarning borishi haqida qoʼshimcha xabarlar berib boramiz.

 

Fargʼona viloyati IIB Аxborot xizmati

Text to speech