5 Noyabr 2022 yil 1895

RASMIY MUNOSABAT

Internet ijtimoiy tarmoqlarida tarqalgan “IIB xodimlari fuqaroni rezina tayoq bilan doʻpposlab mashinaga majburan oʻtqazishmoqda” sarlavhali videoxabar Fargʻona viloyati IIB tomonidan oʻrganib chiqildi.

Ma’lum boʻlishicha joriy yilning 4-noyabr kuni Quva tumani IIB profilaktika inspektori M.T va S.J.lar Pastki Xoʻja Xasan MFY hududida fuqaro O.Y mast holatda jamoat tartibini buzayotganligini koʻrib, shaxsiga oydinlik kiritish va mastlik holatini aniqlash uchun tibbiy tekshiruvga borishga taklif qilinganda fuqaro O.Y IIB xodimlarining qonuniy talablariga boʻysunmay, faol qarshilik koʻrsatgan.

Xodimlar “Ichki ishlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 23-moddasi hamda Ichki ishlar vazirining “Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalarni va oʻq otar qurolni qoʻllash tartibi toʻgʻrisidagi yoʻriqnomani tasdiqlash haqida” gi 55-sonli buyrugʻi talablaridan kelib chiqib, huquqbuzarlik holatini bartaraf etish uchun O.Y.ga nisbatan maxsus vosita–rezina tayoqdan foydalanishgan.

Mazkur holat shu kunning oʻzida tegishli tartibda roʻyhatga olinib, O.Y.ning xatti-harakatlari yuzasidan ma’muriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 183, 194-moddalariga asosan hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Fuqaro O.Y bilan suxbatlashilganda haqiqatdan ham oʻsha kuni oʻta mast holatda boʻlganligini, xodimlarga nisbatan qilgan xatti- harakatlaridan afsusda ekanligini bildirdi.

Shuningdek, videotasvirdagi IIO xodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan boʻlib, yakuniga koʻra huquqiy baho beriladi.

Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati

Text to speech