R A S M I Y B A YO N O T..
Ijtimoiy tarmoqlarida “Fargʻona shahrida joylashgan "Baraka burger" nomli doʻkonni oynalari sindirilgan holda yoqib yuborilganligi” tasvirlangan videoxabar tarqaldi.
Aniqlanishicha, 2021-yil 05-oktabr kuni E. va uning tanishlari hamda O. va boshqalar oʻrtasida kelib chiqqan kelishmovchilik sababli, jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan, jamoat joyida bir-biriga tan jarohati yetkazishgan. Shundan soʻng, E.va uning sheriklari bezorilik xatti-harakatlari davom ettirib, oʻzganing mulkini qasddan nobud qilish maqsadida O.ga tegishli boʻlgan "Baraka burger " doʻkonini oynalari sindirishib, doʻkonda yongʻin chiqarishgan.
Mazkur holat yuzasidan Fargʻona shahar Ichki ishlar organlari faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergovga kirishildi.
Jinoyat ishi boʻyicha E. ismli shaxs Jinoyat kodeksining 277 (bezorlik) hamda 173-moddalari (mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) bilan hamda O. ismli shaxs 277-modda bilan gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangan boʻlib, hozirda qolgan ishtirokchilarni aniqlash choralari koʻrilmoqda.
Tergov davomida ishga aloqador boʻlgan barcha shaxslarning harakatlariga huquqiy baho beriladi.
Mazkur jinoyat ishi boʻyicha Fargʻona viloyati IIB huzuridagi tergov boshqarmasi tomonidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Jinoyat ishining tergovi Fargʻona viloyati prokurori hamda Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi tomonidan alohida nazoratga olindi.
Shu oʻrinda, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan (jurnalist, bloger, fuqarolar) yuqoridagi kabi holatlarga tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan rasmiy munosabat bildirilmasdan hamda yakuniy qaror qabul qilinmasdan turib, nooʻrin hulosa qilmasliklarini soʻrab qolamiz.
Tergov yakuniga koʻra, qoʻshimcha xabar beriladi.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati