Probatsiya guruhi hisobida jazo oʻtayotgan shaxslar ishtirokida davra suhbati va sayyor sud oʻtkazildi
Rishton tumani ichki ishlar boʻlimi Probatsiya guruhi hisobida jazo oʻtab kelayotgan nazoratdagi shaxslar oʻrtasida qayta jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish maqsadida davra suhbati va sayyor sud yigʻilishi oʻtkazildi.
Tadbirda Rishton tumani ichki ishlar boʻlimi boshligʻi, tuman prokurori hamda jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudi raisi ishtirok etib, probatsiya guruhi hisobida jazo oʻtab kelayotgan 55 nafar nazoratdagi shaxslar bilan ochiq muloqot oʻtkazdilar. Ularga jazo oʻtash tartib-qoidalari, zimmalaridagi majburiyatlar yana bir bor tushuntirildi.
Sayyor sud jarayonida esa jazo oʻtash davomida haqiqatdan ham mehnatga halol munosabatda boʻlgan, jazo oʻtash tartib-qoidalariga rioya qilgan, tuzalish yoʻliga oʻtgan, sudlar tomonidan oʻrnatilgan taqiq va cheklovlarga toʻliq amal qilganligi uchun Rishton tumani Ichki ishlar boʻlimi boshligʻining taqdimnomasiga asosan 6 nafar shaxslar jazodan muddatidan oldin shartli ravishda ozod qilindi.
3 nafar mahkum esa oʻziga tegishli xulosa chiqarmay, jazo oʻtashdan qasddan boʻyin tovlab yurganligi sababli tayinlangan jazo turlari ogʻirroq jazoga almashtirildi.
Xususan, 1 nafar nazoratdagi shaxs ozodlikdan mahrum etildi. 2 nafar shaxsning axloq tuzatish ishlari jazosi ozodlikni cheklash jazosiga almashtirildi.
Sayyor sud sodir etgan jinoyatining oqibatlarini toʻla anglab yetgan va axloqan tuzalish yoʻliga oʻtgan mahkumlarga imkon berilganligi xalqimizga xos insonparvarlik va kechirimlilik kabi azaliy qadriyatlarning amaldagi isboti boʻldi.
Bu bagʻrikenglik jazodan ozod qilingan shaxslarning el-yurt taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshishga imkon yaratib, oilalarida tinchlik-xotirjamlik, farovonlik boʻlishini ta’minlaydi.
Oʻtkazilgan tadbir davomida probatsiya guruhi hisobida turgan nazoratdagi shaxslar oʻzlariga tegishli xulosalar chiqarib oldilar.
Bunday tadbirlar pofilaktik ishlar samaradorligini oshirib, jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga xizmat qiladi.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati