Oʼzganing qoramollariga qoʼz olaytirganlarga hukm oʼqildi
Xalqimizda ajoyib naql bor: “Buzoqning yugurgani somonhonagacha”. Bu maqolning mazmunini koʼpchilik tushunsada, baʼzilar naql zamirida qanday maʼno yotgani haqida oʼylab koʼrmagan koʼrinadi.
Toshloq tumanida yashovchi Neʼmatjon F. va Jaxongir S.lar oʼzaro til biriktirib, Quva, Qoʼshtepa, Fargʼona tumanlari va Quvasoy shahrida yashovchi oʼndan oshiq fuqarolarga tegishli qoramollarni oʼgʼirlab, oʼzga shaxslarga sotib, pullarini oʼz ehtiyojlariga sarflab yuborishgan.
Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan oʼtkazilgan tezkor qidiruv tadbirlar natijasida, ularning jinoyatlari fosh etildi. Mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʼzgʼatilib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʼllanilgan.
Jinoyat ishlari boʼyicha Quva tuman sudining hukmiga koʼra Neʼmatjon F. 5 yil 6 oy, Jahongir S. esa 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.
Hurmatli fuqarolar! Qonunga rioya qilmagan har qanday shaxs javobgarlikka tortiladi. Buni yoddan chiqarmang.
Fargʼona viloyat IIB Аxborot xizmati