O‘ZBEKISTONDA ILK BOR AHOLI RO‘YXATDAN O‘TKAZILADI
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019- yil 5- fevraldagi PF-5655-sonli Farmoni hamda Vazirlar Mahkamasining 2020- yil 11- noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida 2023- yilda aholini ro‘yxatga olishga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish chora–tadbirlari to‘g‘risida”gi Qaroriga muvofiq respublikamizda 2023- yilda aholini ro‘yxatga olish tadbiri o‘tkaziladi.
O‘zbekistonda mustaqillik yillarida hali biror marta bunday hisob-kitob ishlari olib borilmagan, so‘nggi bor sobiq ittifoq davrida, aniqrog‘i, 1989- yilda o‘tkazilgan edi. Holbuki, xalqaro tajribadan ma’lum, ko‘pgina mamlakatlarda aholini ro‘yxatga olish tadbiri kamida har o‘n yilda bir marotaba o‘tkazilishi an’anaga aylangan. Respublikamizda ham endi ana shunday muhim jarayon yo‘lga qo‘yiladi.
Xo‘sh, aholini ro‘yxatga olish tadbiri ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan bizga nima beradi?
Birinchidan, aholini ro‘yxatga olish mehnat va uy-joy bozorlarini o’rganish va rejalashtirish, respublika budjetini tuzish, transport siyosatini yuritish, elektroenergetika, ijtimoiy ta’minot, sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalari kabi masalalarida juda muhim ahamiyatga ega. Bir so‘z bilan aytganda, qaysi sohada bo‘lmasin, hatto, kelajakni bashorat qilish zarur bo‘lgan hollarda ham, aholini ro‘yhatga olish natijalarisiz ish tutib bo‘lmaydi.
Ikkinchidan, undan aholi jon boshiga makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar (yalpi ichki mahsulot, aholi daromadlari, sanoat mahsuloti hajmi, aholiga ko‘rsatiladigan xizmatlar hajmi, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari)ni hisoblashda foydalaniladi.
Uchinchidan, aholi ro‘yxati respublika va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi bandligi, ayollar va bolalar salomatligini yaxshilash hamda oilalarga yordam ko‘rsatish bo‘yicha manzilli dasturlarni ishlab chiqishda axborot manbai sifatida xizmat qiladi.
To‘rtinchidan, mazkur ma’lumot aholi punktlari infratuzilmasini yaxshilashda, mehnat resurslaridan oqilona foydalanish va joylashtirish bo‘yicha qisqa, o‘rta va uzoq muddatli dasturlarni ishlab chiqishda muhim ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, bunday ma’lumotlar ilm-fan va jamiyatni axborot bilan ta’minlash uchun ham zarur.
O‘zbekiston Respublikasida 2023- yilda aholini ro‘yxatga olishni o‘tkazish Nizomiga muvofiq, aholini ro‘yxatga olish tadbirlarini o‘tkazish bilan bogְ‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari va qonun bilan taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladi. Bundan tashqari, hozirda BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi, statistika Qo‘mitasi hamda Yevropa iqtisodiy komissiyasi bilan ham tashkiliy, uslubiy va moliyaviy jihatlar bo‘yicha hamkorlik qilinmokda.
Farg‘ona viloyati statistika boshqarmasi