Fuqarolarning konstitutsiyaviy haq-huquqlari yanada samarali ta'minlanadi
“Postda-Na postu” gazetasi muxbiri Kamoliddin Olloyorov IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshlig'i, polkovnik Ulug'bek Muhamedov bilan suhbatlashdi.
Mamlakatimizda so'nggi yillarda davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan fuqarolarning konstitutsiyaviy haq-huquqlarini to'laqonli ta'minlash borasida misli ko'rilmagan ishlar amalga oshirildi. Xususan, ayni shu yo'nalishda mavjud milliy qonunchiligimizga tegishli o'zgartish va qo'shimchalar kiritildi. Bu boradagi amaliy ishlar izchil davom ettirilayotgani esa, yanada e'tiborlidir.
O'zbekiston Respublikasining “O'zbekiston Respublikasining fuqaroligi to'g'risida”gi yangi tahrirdagi qonuni joriy yilning 18 fevral` kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilindi, 28 fevral` kuni Senat tomonidan ma'qullandi va 13 mart kuni Prezident tomonidan tasdiqlandi.
IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshlig'i, polkovnik Ulug'bek Muhamedov bilan suhbatimiz mazkur qonunning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida bo'ldi.
– Ulug'bek Toshpo'latovich, avvalo ayting-chi, yangi tahrirdagi qonun O'zbekiston Respublikasining 1992 yil 2 iyuldagi “O'zbekiston Respublikasining fuqaroligi to'g'risida”gi qonundan qanday farqlanadi?
– Hajman olganda, O'zbekiston Respublikasining 1992 yil 2 iyuldagi “O'zbekiston Respublikasining fuqaroligi to'g'risida”gi qonuni 8 ta bo'lim, 45 ta moddadan iborat bo'lgan. Yangi tahrirdagi qonun esa 10 ta bo'lim, 58 ta moddani o'z ichiga qamrab olgan.
Ko'rinadiki, yangi qonunga qator moddalar qo'shilib, tegishli o'zgartirish va qo'shimchalar kiritilgan. Ushbu o'zgartirish va qo'shimchalar fuqarolarimizning, xususan, mamlakatimizda doimiy yashovchi fuqaroligi bo'lmagan shaxslarning huquq va manfaatlarini to'laqonli va yanada samarali himoya qilishga qaratilganligi bilan muhimdir.
– Yangi tahrirdagi qonunning mazmun-mohiyati, asosiy jihatlari to'g'risida ham batafsil so'zlab bersangiz.
– Ta'kidlash joizki, mazkur qonunda, avvalo, fuqarolik institutining mazmun-mohiyati, uning huquqni qo'llash amaliyotidagi asosiy tushunchalari aniq belgilab berildi. Ikkinchidan, endilikda qonunga ko'ra, O'zbekiston Respublikasi fuqaroligiga mansublik tushunchasi o'zgardi, uning yangi talqinida aholining yanada kengroq qatlami qamrab olindi.
Uchinchidan va eng muhim jihatlaridan biri, mamlakatimizda doimiy yashovchi fuqaroligi bo'lmagan shaxsga nisbatan O'zbekiston Respublikasining fuqaroligini tan olish instituti joriy etildi. YA'ni, mamlakatimiz hududiga 1995 yil 1 yanvarga qadar doimiy yashash uchun kelgan shaxslarning fuqaroligini tan olish O'zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashayotgan 49 228 nafar fuqaroligi bo'lmagan hamyurtimizga (50,6%) fuqarolik berilishi uchun asos bo'ldi. Bunday fuqarolar Toshkent viloyatida – 8 975, Surxondaryoda – 8 837, Qashqadaryoda – 6 576, Farg'onada – 6 122, Sirdaryoda – 4 834, Toshkent shahrida – 4 668, Andijonda – 4 086, Namanganda – 1 396, Buxoroda – 794, Qoraqalpog'iston Respublikasida – 781, Jizzaxda – 745, Samarqandda – 682, Navoiyda – 368 va Xorazmda 364 nafarni tashkil etadi.
To'rtinchidan, tug'ilgan joyi va ota-onasining fuqaroligi bo'yicha xorijiy davlat fuqarosi hisoblangan bolalarni O'zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilish tartibi belgilanib, liberallashtirildi. Shuningdek, fuqarolik sohasida bola huquqlari mustahkamlandi.
Beshinchidan, yangi tahrirdagi qonunda O'zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilishning quyidagi turlari nazarda tutilgan:
Umumiy tartibda – O'zbekiston Respublikasi hududida uzluksiz besh yil yashagan xorijiy davlat fuqarolari (xorijiy davlat fuqaroligidan chiqishni rasmiylashtirgan bo'lsa), shuningdek, yashash guvohnomasiga ega bo'lgan fuqaroligi bo'lmagan shaxslarga taqdim etiladi. Bunda fuqarodan xorijiy davlat fuqaroligidan chiqishni rasmiylashtirgan bo'lishi, qonuniy tirikchilik manbaining mavjudligi, O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonun hujjatlariga rioya qilishni zimmasiga olishi, davlat tilini muloqot uchun etarli darajada bilishi talab etiladi;
Soddalashtirilgan tartibda – xorijiy davlat fuqarosi yoki fuqaroligi bo'lmagan shaxs hisoblangan vatandoshlarga taqdim etiladi. Shu o'rinda ma'lumot uchun aytish joiz: “Vatandosh” — O'zbekiston Respublikasida tug'ilgan yoki yashagan, O'zbekiston Respublikasining fuqarosi bo'lmagan, O'zbekiston Respublikasidan tashqarida yashayotgan va to'g'ri shajara bo'yicha ajdodlari O'zbekiston Respublikasi hududida yashayotgan yoki O'zbekiston Respublikasi fuqarosi bo'lgan shaxs hamda uning to'g'ri shajara bo'yicha qarindoshlaridir;
Alohida tartibda – O'zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan beriladi (amaldagi qonunda bu tartib ko'zda tutilmagan);
Oltinchidan, O'zbekiston Respublikasi fuqaroligini yo'qotish asoslari beshdan oltiga ko'paydi, ulardan birining shartlari o'zgardi (O'zbekiston Respublikasi fuqaroligi yo'qotilishiga zamin bo'ladigan uzrli sabablarsiz konsullik hisobiga turmaslik muddati uch yildan etti yilga uzaytirildi).
Bulardan tashqari, fuqarolikka qabul qilish, uni tiklash yoki undan chiqish chog'ida hujjatlarni tayyorlash tartibi, fuqarolik masalalariga oid materiallarni ko'rib chiqish muddatlari, fuqarolik masalalari bo'yicha materiallarni ko'rib chiqishni tugatish tartibining aniq asoslari qonunning o'zida belgilab berildiki, bu ham alohida e'tirofga molik jihat.
– Qonun qachondan e'tiboran kuchga kiradi? endilikda fuqarolikka qabul qilish masalasi qay tartida hal etiladi? Fikrimizcha, ayni shu savollarga javoblar ko'pchilikni qiziqtiradi...
– “O'zbekiston Respublikasining fuqaroligi to'g'risida” yangi tahrirdagi qonunning 58-moddasida qonun rasmiy e'lon qilingan kundan e'tiboran olti oy o'tgach kuchga kirishi, uning O'zbekiston Respublikasi fuqaroligiga tan olish bo'yicha moddalari esa joriy yilning 1 aprelidan amalga kiritilishi qayd etilgan.
Demak, qonunning 6-moddasida nazarda tutilgan tartibda joriy yilning 1 aprel` kunidan boshlab, 1995 yil 1 yanvarga qadar O'zbekiston Respublikasi hududiga kirib kelgan va doimiy propiskadan o'tgan, chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan hamda 2020 yil 1 aprelga qadar fuqaroligi bo'lmagan shaxsga O'zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi asosida yashab turgan shaxs istak bildirgan taqdirda, O'zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olinadi.
Xuddi shuningdek, ota-onasi (yolg'iz otasi yoki onasi) O'zbekiston Respublikasi fuqarolari deb tan olingan, ular bilan birgalikda mamlakatimizga kirib kelganda 18 yoshga to'lmagan bo'lib, chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan hamda 2020 yil
1 aprelga qadar fuqaroligi bo'lmagan shaxsga O'zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasi asosida yashab kelgan shaxs bo'lsa, u ham O'zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olinadi.
Yuqorida asoslarga to'g'ri keluvchi shaxslar doimiy yashash joylaridagi hududiy ichki ishlar organlariga ariza bilan murojaat qilishi mumkin. Ularning O'zbekiston Respublikasi fuqaroligiga tan olish uchun tasdiqlovchi qonuniy asoslar ichki ishlar organlari tomonidan uch oygacha muddatda ko'rib chiqiladi. Arizani ko'rib chiqish yakuni bo'yicha O'zbekiston Respublikasi fuqaroligiga tan olish bo'yicha Qoraqalpog'iston Respublikasi IIV, Toshkent shahar va Toshkent viloyati IIBB, viloyatlar IIBlari tomonidan xulosa tasdiqlanadi va O'zbekiston Respublikasi IIV tomonidan ma'qullangandan so'ng ariza beruvchi O'zbekiston Respublikasi fuqarosi deb tan olinib, fuqarolik pasporti bilan rasmiylashtiriladi.
Fuqarolikka tan olish uchun qonuniy asosi mavjud bo'lmagan shaxslar umumiy tartibda O'zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilishga doir hujjatlarni topshiradilar va hujjatlarni ko'rib chiqish yakunlari bo'yicha Prezidentning tegishli farmonlariga muvofiq O'zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilinishlari mumkin.
“Postda-Na postu” gazetasi muxbiri
Kamoliddin Olloyorov suhbatlashdi