Fargʻona shahrida xonadondan armatura mahsulotlarini oʻgʻirlagan shaxs qoʻlga olindi
Fargʻona shahri. 31-avgust kuni Juydam koʻchasida yashovchi fuqaro M.A IIBga murojaat qilib, unda 29-avgust kunidan 30-avgust kuniga oʻtar kechasi noma’lum shaxs yashash xonadoniga gʻayriqonuniy ravishda kirib, xonadonidan jami narhi 20.000.000 soʻmlik armatura mahsulotlarini yashirin ravishda oʻgʻirlab ketganini ma’lum qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Fargʻona shahar IIO FMB huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismi “g” bandi (oʻgʻirlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni N.S sodir etganligi aniqlanib, protsessual tartibda ushlangan.
Eslatib oʻtamiz, Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2-qismida koʻrsatilgan jinoyatni sodir etgan shaxs besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Hurmatli fuqarolar, oʻz mol-mulkingiz, pul mablagʻlaringizni ehtiyot qiling! Bu bilan oʻgʻirlik jinoyatlarining oldini olishga hissa qoʻshgan boʻlasiz.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati