Fargʻona shahrida avtomashinadan pul va telefon apparatini oʻgʻirlagan shaxslar aniqlandi
Fargʻona shahar Quvasoy koʻchasida yashovchi X.O IIBga murojaat qilib, unda 2023-yilning 13-iyul kuni noma’lum shaxs yashash xonadoni oldida qarovsiz qoldirgan “Matiz” rusumli avtomashina salonida boʻlgan “Samsung” rusumli telefon apparatini, 250 AQSH dollari va 3.000.000 soʻm pullarini yashirin ravishda oʻgʻirlab, hodisa joyidan yashiringanligini ma’lum qilgan.
Mazkur holat yuzasidan Fargʻona shahar IIO FMB huzuridagi tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 1-qismi (oʻgʻirlik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Olib borilgan tezkor qidiruv harakatlari davomida ushbu jinoyatni D.M va I.S.lar sodir etganligi aniqlanib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, Jinoyat kodeksining 169-moddasi 1-qismida koʻrsatilgan jinoyatni sodir etgan shaxs 3-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Hurmatli fuqarolar, oʻz mol-mulkingiz pul mablagʻlaringizni ehtiyot qiling! Bu bilan oʻgʻirlik jinoyatlarining oldini olishga hissa qoʻshgan boʻlasiz.
Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati