31 Yanvar 2023 yil 718

Davlat rahbarining topshirigʻiga binoan Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi ishchi guruh hududlarda aholi muammolarini aniqlash va hal etish hamda kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash faoliyatini baholash yuzasidan Fargʻona viloyatida oʻrganish ishlarini boshladi

Joriy yilning 31-yanvar kuni Fargʻona viloyati IIBda Ichki ishlar vaziri general-leytenant Poʻlat Bobojonov boshchiligidagi idoralararo ishchi guruhning yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Ichki ishlar vazirligining sohaviy xizmatlari, Milliy gvardiya, Adliya vazirligi, Soliq qoʻmitasi, Bosh prokuratura va uning tuzilmalari rahbarlari, viloyat sektor boshliqlari hamda boshqa mutasaddi idoralar vakillari qatnashdilar.

Yigʻilishda viloyat ijtimoiy infratuzilma obyektlarining real holatini, aholini gaz, elektr energiyasi, koʻmir va ichimlik suvi bilan taʼminlash ahvoli va fuqarolarning ushbu tizimdan roziligini oʻrganish, isteʼmol bozorlaridagi narx-navo barqarorligini, oziq-ovqat zaxiralari mavjudligi va tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratilganligi, hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan ogʻir mahallalarda sektor rahbarlari, mahalla raislari, mahalladagi hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari tomonidan fuqarolarni qabul qilish va ularning muammolarini hal etish amaliyotiga oid masalalar muhokama etildi.

Shuningdek, aholini tashvishga solayotgan dolzarb kundalik ijtimoiy-maishiy muammolarni hal etishda sektorlar faoliyatining samaradorligi, ishsizlik va kambagʻallikni qisqartirish, oilaviy tadbirkorlik, yoshlar va ayollarning tashabbuskor loyihalariga koʻmaklashish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalari orqali kelib tushgan murojaatlarni oʻrganish natijalariga eʼtibor qaratildi.

Ishchi guruh aʼzolariga mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish, maktab oʻquvchilari, talabalar, ayollar va yoshlar orasida qonunga itoatkorlik hissini shakllantirish, jinoyatchilikni mahallabay jilovlash dasturlarining ijrosi, oila-turmush munosabatlari doirasida hamda yoshlar, ayollar tomonidan va ishsizlik oqibatida sodir etilishi mumkin boʻlgan jinoyatlarning oldini olish borasida mahallada shakllantirilgan beshlikning yaʼni, profilaktika inspektori, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faollari bilan hamkorlik masalalariga jiddiy eʼtibor qaratish zarurligi tushuntirildi.

Tadbir jarayonida, Ichki ishlar vaziri respublika jamoat xavfsizligi konsepsiyasi bilan belgilangan vazifalarning ijrosi hamda bu borada masʼul idoralar bilan kunlik faoliyatni tashkil etish ahvoli tanqid qilib, yoʻllarda inson xavfsizligi uchun munosib sharoitlarni yaratish, yoʻllarning infratuzilmasini takomillashtirish, qoidabuzarliklarni qayd etishning zamonaviy raqamli texnologiyalarini yanada kengroq joriy etishga, profilaktika inspektorining mahalla faollari bilan hamkorligini takomillashtirish boʻyicha aniq vazifalarni belgilab berdi.

Yigʻilishda soha mutasaddilarining kun tartibidagi masalalar yuzasidan fikr va mulohazalari tinglandi.

Belgilangan vazifalarning ijrosi boʻyicha ishchi guruh aʼzolari oʻz faoliyatini boshladi.

IIV Axborot xizmati

Text to speech